Uchrashuv chogʻida Prezidentimiz bizdan “Nima takliflaring, tilaklaring bor?” deb soʻradi. Koʻpchiligimiz respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda qatnashib, chempion boʻlganimizni aytdik. Shunda u kishi “Bugun qaror qabul qilaman, sizlar muddatidan oldin talabasiz, bunday imkoniyatdan gʻururlanib, xursand boʻlib yuringlar”, dedi. Buni eshitib behad quvondik.
2003-yili Tayloq tumanida tugʻilganman. Hozir internatda tahsil olyapman. Bolaligimdan shashka bilan shugʻullanib kelaman. Turli musobaqalarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egalladim. 2021-yili avgust oyida Bolgariyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritdim. Bu yutuqlarga erishishimda ustozlarimning sabogʻi, oʻgiti madad boʻldi. Shu yilning 16-21-fevral kunlari Toshkentda oʻtkaziladigan shashka boʻyicha Oʻzbekiston chempionatiga tayyorgarlik koʻryapmiz. Endi Samarqand davlat univertitetining rus tili va adabiyoti fakultetiga oʻqishga kirmoqchiman. Oilada katta farzandman, ukam va singlim bor. Onam oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Oldin umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqiganman. Biroq sogʻlom bolalar bilan birga oʻqishga qiynalardim. Bu yerdagi oʻqituvchilar borib tavsiyalar berishdi. Hozir barcha fanlardan aʼlo baholar olib, oʻqishni davom ettiryapman.
Mahbuba XALILOVA,
Samarqand shahridagi 59-koʻzi ojiz bolalar maktab-internati oʻquvchisi
Insonlarning ertangi kunga ishonchini oshirishni xohlayman
Prezidentimiz bilan suhbat chogʻida koʻnglimdagi kechinmalarim, orzularim haqida soʻzlab berdim. U kishi muddatidan oldin xohlagan oliy taʼlim muassasasiga kirishimga imkoniyat yaratib berilishini aytdi. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.
Samarqand davlat univertitetida oʻqib, psixolog boʻlmoqchiman. Chunki insonlarning kechinmalari, muammolarini tinglab, ularning ertangi kunga ishonchini oshirishni, jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga yordam berishni xohlayman. Bu muassasaga Baxmal tumanidan kelganman. Oilada 6 farzandmiz. Rahmatli otam oʻqituvchi edi. Hozir onamning yolgʻiz oʻzi bizni katta qilyapti. Opam Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. Uning ham koʻzi ojiz, Baxmal tumanidagi 18-maktabda ishlaydi. Ota-onam koʻzimni davolatish uchun shifokorlarga necha bor koʻrsatdi, hatto operatsiya ham qildirdi, ammo tugʻma katarakta tashxisi qoʻyildi. Koʻzim tuzalishiga umid yoʻqligini bilganimda juda qiynaldim. Bu maktabda biz uchun barcha sharoit mavjud. Ayniqsa, mehribon va bilimli ustozlarimiz koʻmagi katta dalda boʻlmoqda. Koʻzi ojizlar oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat musobaqalarida qatnashib, 6 marotaba Oʻzbekiston chempioni boʻldim. Bu yil 10-17-iyul kunlari Fransiyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga yoʻllanma oldim. Hayajondaman, birinchi oʻrinni olishni niyat qilyapman. Oʻzbekiston nomini, bayrogʻimizni yuksaklarga koʻtarib kelmoqchiman.
Durdona JUMANOVA,
Samarqand shahridagi 59-koʻzi ojiz bolalar maktab-internati oʻquvchisi
Bizga nasib etgan baxt
Bugun 35 million aholi orasida Prezidentimiz bilan uchrashish bizga nasib qildi. Shularning ichida 10 milliondan ziyodi talaba-oʻquvchi yoshlar boʻlib, aynan bizning maktabimiz tanlab olingani boshimizni koʻkka yetkazdi. Quvonchimni oddiy soʻzlar bilan taʼriflab berolmayman.
Davlatimiz rahbarining qoʻlini ushlab, tabrigini eshitdik. Bu barchamizga kuch va mamnunlik bagʻishladi. Prezidentimiz kelajakda oʻzimiz istagan oʻquv yurtiga kirishimizni, uni tugatgach esa, ish bilan taʼminlanishimizni taʼkidladi. Biz, yoshlarga oʻqish davomida bundan keyin hech qanday muammo boʻlmasligini aytdi. Kelajakda matematika va informatika yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirmoqchiman. Hatto magistratura, doktoranturada oʻqishni davom ettirishni oldimga maqsad qilib qoʻyganman. Eng katta orzularimdan biri — chekka hududlarda, nazardan chetda qolib ketgan qishloqlarda ham koʻzi ojiz bolalar uchun moʻljallangan oʻquv markazlari tashkil qilib, u yerdagi bilimga chanqoq yoshlarga dars berish. Maktabimizda matematika toʻgaragi mavjud. Bu kabi toʻgaraklar, darslardagi qizgʻin bahslar orqali metematikaga mehrim ortib boradi. Turli misol va masalalarni zavq bilan ishlayman. Kelgusida shu fan boʻyicha yuksak marralarga erishaman. Axir, bugungi hayotni informatikasiz tasavvur qilib boʻlmaydi-da. Qashqadaryo viloyatida katta oilada tugʻilganman. Men kabi koʻzi ojiz yana ikki ukam bor. Bir ukam shu maktabda oʻqiydi. Oʻtgan yili Respublika musobaqasida ilk gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Odina SHOVDIROVA,
Samarqand shahridagi 59-koʻzi ojiz bolalar maktab-internati oʻquvchisi
Kechasi bilan uxlolmay chiqqanim sababi
Prezidentimiz bilan koʻrishishni tasavvur qilolmasdim. Kechqurun bu xabarni eshitib, juda xursand boʻldim. Hayajonim ichimga sigʻmadi. Kechasi bilan uxlolmay chiqdim, bobomiz biz bilan koʻrisharmikan, maktabimizga kelarmikan, deb oʻyladim.
Ertasi kuni Prezidentimizga olgan mukofotlarim, sovrinlarim, orzularim haqida soʻzlab berdim. Gʻoliblik shohsupasiga koʻtarilsam, gʻalabamni sizga bagʻishlayman, deganimda Prezidentimiz juda xursand boʻlib ketdi. “Agar chempion boʻlsang, seni Toshkentga chaqirib, oʻzim taqdirlayman”, dedi. Hozir 11-sinf oʻquvchisiman. Shashka boʻyicha 2 karra Oʻzbekiston chempioniman. Kelgusida Samarqand davlat chet tillar institutiga oʻqishga kirmoqchiman. Til oʻrganishga juda qiziqaman, hozir ingliz tili boʻyicha tayyorlanyapman. Eng katta orzum — oʻqishni bitirganimdan keyin tugʻilgan joyim — Tayloq tumanida oʻquv markazi ochib, xorijiy tillardan dars berish.
Musurmon HASANOV,
Samarqand shahridagi 59-koʻzi ojiz bolalar maktab-internati oʻquvchisi