Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida dolzarb masalalar muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 28 Iyul 2021 1861

    Joriy yil 28-iyulda Oliy Majlis yuqori palatasining oʻn yettinchi yalpi majlisi oldidan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, Qoʻmita huzurida tashkil etilgan Ekspert guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning oʻn yettinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga urgʻu berildi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizning 78 foiz yer maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan boʻlib, MSK – 64 yer shkalasi boʻyicha 6 va undan yuqori ballik yer silkinishlari doimiy ravishda sodir boʻlishi kuzatiladi. Shu sababli mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, masʼul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

    Bugungi kunda seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi munosabatlar 20 ga yaqin qonunosti hujjatlar bilan tarqoq holda tartibga solinadi va mazkur yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan barcha tadbirlar qonunchilikda nazarda tutilmagan. Respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar toʻplami bugungi kunda yaqqol yetishmaydi.

    Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi.

    Qonun bilan davlat organlari, xususan, Vazirlar Mahkamasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Fanlar Akademiyasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining seysmik xavfsizlikni taʼminlash borasidagi asosiy vazifalari, seysmik xavfsizligi taʼminlanadigan obyektlarning tasnifi hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini tekshirish hamda monitoring qilish tartibi belgilanyapti va Seysmik xavfsizlikni taʼminlash obyektlari ahamiyatiga koʻra 4 ta toifaga boʻlinyapti. Qolaversa, Qonun bilan yana bir qator yangi tartib, huquq va majburiyatlar belgilanyapti.

    Majlisda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan shu kabi ofatlar oldini olish, aholini xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan haqida maʼlumot berildi.

    Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

    Qayd etilganidek, 2021-yilning 6 oyida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 218 nafar shaxs topilgan.

    Qolaversa, respublikamizda sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2021-yilning 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020-yilga nisbatan 40,8 foizga koʻp yoʻl harakati qoidabuzarligi qayd etilgani, oqibatda 3 754 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3 170 nafar fuqaro jarohatlangani va 954 nafar fuqaro halok boʻlgani, eng achinarlisi, 2021-yilning oʻtgan 6 oyida bolalar bilan bogʻliq 542 ta YTH sodir etilib, ularda 458 nafar bola jarohatlangani va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok boʻlgani tanqidiy muhokamalarga sabab boʻldi.

    Shuningdek, majlisda “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi hamda “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari ijrosi holati yuzasidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalariga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.