Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2022-yildagi faoliyati sarhisob etildi

    Mamlakatimizda 20 Yanvar 2023 1749

    Joriy yil 19-yanvarda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmitaning 2022-yildagi qonunchilik va parlament nazorati faoliyati borasida amalga oshirgan ishlari haqida axborot berildi.

    Qoʻmita raisi Q.Burxonovning soʻzlariga koʻra, oʻtgan davr mobaynida 15 ta qoʻmita majlisi oʻtkazilib, ularda 63 ta masala koʻrib chiqilgan. Jumladan, 10 ta qonun, 5 ta Senat qarori, 4 ta axborot, 4 ta hisobot va Vazirlar Mahkamasiga 1 ta parlament soʻrovi yuborish hamda 1 ta parlament soʻrovi natijalari haqidagi masala muhokama etilgan.

    Taʼkidlanganidek, Qoʻmita qonunchilik faoliyati doirasida Senat yalpi majlislarida 9 ta qonunni maʼqullash va 1 ta qonunni rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.

    Nazorat-tahlil faoliyati doirasida Qoʻmita tomonidan 14 ta tadbir oʻtkazildi. Xususan, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirlari hamda Milliy gvardiya qoʻmondonining axborotlari eshitildi. Shuningdek, Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisobotlari, avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

    Bundan tashqari, IIV tomonidan Senatga kiritilgan axborotda qayd etilgan holatlar, xususan, huquqbuzarliklar oldini olish va ularning profilaktikasi holati yuzasidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, sohada uchrayotgan, shuningdek, fuqarolarni oʻylantirayotgan muammolar bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoʻmita aʼzolari, viloyat IIB, Milliy gvardiya, prokuratura va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida Qashqadaryo, Andijon va Namangan viloyatlarida oʻrganishlar olib bordi.

    Qoʻmita tomonidan bir qator qonunlar ijrosi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Navoiy viloyatlarida oʻrganishlar olib borildi.

    Shu bilan birga, Qoʻmita tomonidan bir qator xalqaro ilmiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazildi.

    Shuningdek, Qoʻmita aʼzolari xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan bir qator tadbirlarda ishtirok etdi.

    Bundan tashqari, Qoʻmita aʼzolari 2022-yil davomida Senat yalpi majlislarida muhokama etilgan qonunlar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish hamda fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida doimiy ravishda targʻibot va tushuntirish ishlarini olib bordi.

    2022-yilda Qoʻmita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 6 mingdan ziyod yozma murojaatlar koʻrib chiqildi. Nazoratga olingan va yuborilgan 905 ta murojaatdan 165 tasi ijobiy hal etildi.

    Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralarni koʻrish maqsadida 415 ta uchrashuv oʻtkazilib, koʻtarilgan muammolarni joyida hal qilish choralari koʻrilgan. Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senat binosida va hududlarda jami 4 309 nafar fuqaro qabul qilindi. Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida jami 11 ta senator soʻrovi yuborilgan. Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, yoʻl qurilishi va davlat ehtiyojida buzilgan uylar uchun ajratilgan yer maydonlariga kommunikatsiya tarmoqlarini oʻtkazib berilishi bilan bogʻliq muammolar hal etildi.

    Bundan tashqari, Qoʻmita tashabbusi bilan Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani “Changtepa”, “Turkiston” va “Beshboy” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha tegishli ishlar olib borilyapti. Jumladan, “Changtepa” MFY da qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Ushbu loyiha doirasida hududda jami 4,7 milliard soʻm hisobidan 9,6 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 1 ta inshoot qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, obyektda suv minorasini oʻrnatish va xonadonlarni tarmoqqa ulash ishlari yakuniga yetkazilyapti.

    Majlis yakunida Qoʻmitaning 2023-yil birinchi yarmiga moʻljallangan ish rejasi ham qizgʻin muhokama etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.