Maʼlumotlarga koʻra, Fargʻona halqa yoʻlining 93-kilometrida joylashgan ushbu ikki tumanni viloyat markazi bilan bogʻlab turuvchi “Norindaryo” koʻprigida bundan 2—3 oy darz ketish alomatlari sabab harakatlar toʻxtatilgan.
Mazkur koʻprik 1962-yilda foydalanishga topshirilgan boʻlib, qariyb 60 yilga yaqin vaqt davomida xalqqa xizmat qilib kelgan. Bugungi kunda minglab fuqarolar ishga, oʻqishga, bozorga hamda oʻzlarining boshqa ehtiyojlari yoʻlida daryoni qayiq orqali kesib oʻtib oʻtmoqda.
Mudofaa vazirligi koʻprik bitgunga qadar aholiga qulaylik yaratish, uzogʻini yaqin qilish maqsadida vaqtinchalik koʻprik qurishga kirishdi.
Ayni vaqtda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Muhandislik qoʻshinlari xizmatining bir guruh mutaxassislari maxsus texnikalar yordamida koʻprikni qurish ishlarini amalga oshirmoqda. Daryo uzra qad koʻtarayotgan koʻprik uzunligi 40 metrni, eni esa — 3,8 metrni tashkil etmoqda.