Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining doimiy jangovar shayligi masalalari muhokama etildi

    Harbiy 24 Dekabr 2024 342

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtashi va mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, 2024-yilning oʻtgan davrida Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida mudofaa vazirining axboroti eshitildi.

    Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha belgilab berilgan vazifalarini soʻzsiz va sifatli ijrosini taʼminlash maqsadida Mudofaa vazirligida samarali ishlar olib borilgan. Natijada Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati yuqori darajaga koʻtarilgan.

    Milliy armiyamizning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda asosan zamonaviy qurolli toʻqnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari qoʻshinlarga tatbiq etilgan.

    Natijada oʻtgan yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga koʻpayib, qoʻmondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilgan.

    Qoʻshinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb etgan holda tashkil etildi. AQSH, Hindiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston armiyalari bilan hamkorlikda oʻquvlar oʻtkazilgan.

    Oʻquvlarda asosiy eʼtibor zamonaviy janglarda yangi qoʻllanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik boʻgʻinlarda boʻlinmalar tomonidan yangi taktik harakatlar oʻzlashtirilishiga qaratilgan.

    Shuningdek, 2024-yilda jangovar mutaxassislik boʻyicha Ozarbayjon, Qozogʻiston va Turkmanistondan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar oʻqitilgan.

    Mudofaa vazirligi “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va maʼlumotlar bazasi” axborot tizimining “Chaqiruv” tizimosti dasturi barcha mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlariga tatbiq etilib, elektron maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

    Ichki ishlar vazirligining “Manzil”, Adliya vazirligi huzuridagi “Xorijga chiqish pasporti”, “Yoshlar balansi” hamda “Elektron hukumat” platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid maʼlumotlar elektron bazasi yaratilgan.

    Natijada mudofaa ishlari organlarining fuqarolarga harbiy roʻyxatga kiritish va undan chiqarish faol davlat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Ularga oid maʼlumotlarni taqdim qilish bilan bogʻliq masalalarda byurokratizm va boshqa toʻsiqlarga barham berilgan.

    Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 2024-yilning 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 241 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 342 tasi ijobiy hal etilgan, 1 526 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 115 tasi oʻrganib chiqilyapti.

    Mudofaa vazirligi rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda 560 dan ziyod jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilingan va ularga tegishli amaliy yordam koʻrsatilgan.

    Oʻz navbatida, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash, rahbarlarning bu boradagi shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etilgan.