Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy gospitalda harbiylardan tashqari fuqarolar ham davolansa boʻladimi?

    AOKAda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yoʻldoshev ishtirokida oʻtkazilgan brifingda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan savollarga javob qaytarildi.

    Savol: Mudofaa vazirligi tizimida ishga tushirilgan zamonaviy harbiy gospitalda harbiylardan tashqari fuqarolar ham davolansa boʻladimi?

    Javob: Shu yilning avgust oyida mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar, pensionerlar va ularning oila aʼzolari hamda aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatishga asoslangan ultrazamonaviy davolash klinikasi barpo etildi.

    Mazkur klinikada harbiy xizmatchilar bilan birga oddiy fuqarolarga ham pullik xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Klinikada bir vaqtning oʻzida 255 nafar bemorni statsionar davolash hamda sutka davomida 50 nafardan ortiq bemorga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud.

    Klinika tibbiyot rivojlangan (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Shveysariya, Ispaniya va Yaponiya kabi) xorijiy davlatlardan 189 turdagi zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan.

    Savol: Maktablarda oʻquvchilar aʼzo boʻlayotgan “Vatan tayanchi” harakati qanaqa tashkilot? Bu harakat yoshlarga qanday afzalliklar beradi?

    Javob: Prezidentimizning 2022-yil 2-martdagi qarori bilan tashkil etilgan “Vatan tayanchi” – bolalar va oʻsmirlarning harbiy-vatanparvarlik harakati boʻlib, uning faoliyati yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish kabi maqsadlarga qaratilgan.

    “Vatan tayanchi” otryadi aʼzoligiga umumtaʼlim maktabining 10-11 sinf oʻquvchilari orasidan aʼzo boʻlish istagini bildirgan umumiy 20 nafar yoshlar saralab olingan.

    “Vatan tayanchi” harakati yoshlarni kelajakda mustahkam hunar yoki kasb uchun fundament yaratib, koʻnikmalarini shakllantiradi, shuningdek harakatning tegishli tavsiyanomasiga ega boʻlgan otryadi aʼzolari oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyozga ega boʻladilar.

    Savol: Mudofaa vazirligi tizimida ochilgan klinik gospitalda fuqarolarni davolashga yurtimizning hamda xorijlik tibbiyot mutaxassislari jalb etilayotganini eshitdim. Asosan qaysi davlatlardan tibbiyot mutaxassislari kelib ishlayapti?

    Javob: Gospital faoliyatiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularning ijobiy tajribalarini oʻzlashtirish maqsadida Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Xitoy va Rossiya kabi harbiy tibbiyot boshqaruv organlari bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolangan.

    Unga koʻra avgust oyida Turkiyadan 10 nafar, Janubiy Koreyadan 2 nafar mutaxasisslar bir oy davomida kelib ishlab ketishdi. Sentyabr oyidan boshlab 2 nafar Janubiy Koreya, 6 nafar Hindiston hamda 10 nafar Turkiyaning harbiy vrachlari 1 oydan 3 oygacha mazkur gospitalda hamkorlikda faoliyat olib borishmoqda. Istiqbolda Germaniya, Isroil, Pokiston, Gollandiya va boshqa tibbiyoti rivojlangan xorijiy davlatlar mutaxassislari tashrifi rejalashtirilgan.

    Savol: Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga necha yoshgacha chaqiriladi?

    Javob: Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrdagi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunining 4 moddasiga asosan tinchlik davrida salomatligiga koʻra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli erkak fuqarolar oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan oraliqda chaqiriladi.