“Muhabbat bahori” filmi kim haqida hikoya qiladi?

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “New sight media” ijodiy studiyasi tomonidan shoir, dramaturg, davlat va jamoat arbobi Hamid Olimjon va shoira Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Muhabbat bahori” badiiy filmi suratga olindi.

    Filmda Zulfiyaxonim obrazini gavdalantirgan yosh aktrisa Shahnoza Hojimurodova oʻz qahramoni haqida shunday deydi:

    – Kinoda sevimli shoiramiz Zulfiyaxonim obrazini yaratish zimmamga juda katta masʼuliyat yukladi. Mazkur kinoasarda Zulfiyaxonimning nafaqat ijodi, balki uning insoniylik qirralari, ayollik baxti, turmush oʻrtogʻi, atoqli Hamid Olimjonga boʻlgan vafo va sadoqati aks ettirilgan. Rejissyor Ibrohim Rasulov kasting jarayonlarida 200 ga yaqin nomzodlar orasidan meni tanlab olganlaridan xursand boʻldim.

    “Muhabbat bahori” filmi syomka jarayonlarining bir qismi shoira yashagan xonadonda boʻlib oʻtdi. U yerda menga Zulfiyaxonimning oʻz qoʻllari bilan turmush oʻrtogʻi Hamid Olimjon uchun yozgan maktublarini oʻqish baxti nasib etdi. Tomoshabinlarga yana bir sirni ochadigan boʻlsam, obrazimni yaratish jarayonida shoiraning taqinchoqlari va liboslaridan foydalandim. Bu mening qalbimga oʻsha davr ruhiyatini singdirdi. Kinokartina ustida ish boshlangandan buyon vafo timsoli ila har dam xotirlanadigan Zulfiyaxonim shaxsiyati va hissiyotlari bilan yashadim. Bu men uchun bir umrga eng qadrli obraz boʻlib qoladi!”

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati