Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida rejissyor Ibrohim Rasulov suratga olgan “Muhabbat bahori” filmi ham yuqorida taʼrifi keltirilgan badiiy filmlar sirasiga kiradi. “Kinochilar uyi”da ushbu kinokartinaning katta taqdimoti boʻlib oʻtdi. Filmda ikki taniqli ijodkor — Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, taniqli shoir Hamid Olimjonning sof muhabbati, hayot yoʻllari, ijodi, ayriliq, vafo, sadoqat tuygʻulari haqida hikoya qilingan. Shuningdek, ularning orzu va armonlari, Hamid Olimjon vafotidan keyin Zulfiyaxonimning ichki kechinmalari, iztiroblari, armonlari, umid va shijoatga toʻla hayot yoʻli oʻziga xos real voqeliklarga asoslangan holda namoyish etiladi.

Kino 1920-1944-yillardagi voqeliklarni qamrab olgan. Filmning ssenariy mualliflari Zulfiya Qurolboy qizi hamda Mikoyil Sulaymonov. Asosiy rollarni Hamza Hasanov va Shahnoza Hojimurodova ijro etadi. Shuningdek, Shohida Ismoilova, Abdurayim Abduvahobov (marhum), Mehriddin Rahmatov va boshqa koʻplab mohir ijodkorlar asarda turli obrazlarni gavdalantirgan.

Naim Karimov, akademik:

— Filmni tomosha qilar ekanman, muhabbat va ezgulikning goho magʻlub boʻlsa-da, qalblarda yaxshilik urugʻini sochishi bilan hamisha va har doim gʻolibligini yana bir bor his etdim. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ikki buyuk ijodkor, yetuk shaxs va jamoat arboblari haqida suratga olingan “Muhabbat bahori” filmi nafaqat milliy maʼnaviyatimiz va madaniyatimiz yuksalishiga, balki oʻzbek adabiyoti, adabiy merosiga munosib hissasini qoʻshadi. Shu bilan birga, bugungi kun yoshlariga ibrat boʻladi.

Ibrohim Rasulov, film rejissyori:

— Bilasizmi, kinofilmni suratga olayotganimda uni, birinchi navbatda, maktab oʻquvchilari, kelajak avlod koʻrishi kerak, degan fikr xayolimni butkul band qilgan edi. Bugun taqdimotdan soʻng qalbim quvonchga toʻldi, film yoshlarga yoqdi, hech kim tomoshaning oʻrtasida oʻrnidan turib chiqib ketmadi.

Shahnoza Hojimurodova, aktrisa, bosh rol ijrochisi:

— “Muhabbat bahori” filmida sevimli shoiramiz Zulfiyaxonim obrazini yaratish mening zimmamga nihoyatda ulkan masʼuliyat yukladi. Kinoasarda Zulfiyaxonimning ijodigina emas, balki uning insoniy jihatlari, ayollik latofati, nazokati, baxti, turmush oʻrtogʻi, atoqli shoir Hamid Olimjonga cheksiz muhabbati va sadoqati aks ettirildi. Kinorejissyor Ibrohim Rasulov kasting jarayonlarida 200 ga yaqin nomzod orasidan meni tanlab olganidan juda xursand boʻldim. Bugun esa Shahnoza emas, Zulfiyaxonim boʻlib tanilganimdan benihoya shodman.

Film Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Qoʻqon shahrida 3 yil davomida suratga olingan.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri,

G.Durdiyeva