Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindoriga 50 ming AQSH dollari beriladi

    Ta'lim 2 Noyabr 2020 5770

    2020-yil 30-oktyabrdagi Hukumatning 676-son qarori bilan Prezidentning Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, ushbu mukofot bilan matematika sohasida fundamental va amaliy ilmiy izlanishlar natijalariga koʻra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlar (shu jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar) yakka tartibda taqdirlanadi.

    Mukofot 2 yilda bir marta Prezident tomonidan Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashining (Kengash) taklifiga koʻra quyidagi 3 yoʻnalish boʻyicha beriladi:

    - fundamental sohadagi tadqiqot;

    - yoshlar oʻrtasidagi tadqiqot;

    - iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini taʼminlagan tadqiqot.

    Mukofot bilan taqdirlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflar Oʻzbekiston matematika jamiyati tomonidan oʻtkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

    Vazirlik 1 oy muddatda nomzodlar roʻyxati va ularga oid hujjatlarni oʻrganadi hamda koʻrib chiqish uchun mukofot beriladigan yilning iyun oyi yakuniga qadar Kengashga kiritadi.

    Kengash 1 oy muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi va nomzodlar boʻyicha taqdimnoma tayyorlab, mukofot beriladigan yilning 25-avgustiga qadar Prezident Administratsiyasiga yuboradi.

    Taqdimnoma maʼqullangan taqdirda mukofotga sazovor boʻlganlarga 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi bir martalik pul mukofoti topshiriladi.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur xalqaro mukofot Prezidentning 2020-yil 7-maydagi PQ–4708-son qarori bilan taʼsis etilgan, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.