Bu shaharning asosi va drayveri - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish o‘rinlari, uy-joylar, madaniyat va ta’lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.
Bugun izchil o‘sish, zamon bilan ildamlash kerak. Davlatimiz rahbari har bir sohani ilmga asoslanib rivojlantirish talabini qo‘yadi.
Olmaliqda ham kadrlar tayyorlash shu yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.
Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.
O‘quv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, “GP Günter Papenburg AG” va “Aurubis AG” kompaniyalarining ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan.
Davlatimiz rahbari mazkur xonalarda bo‘lib, ish o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
- Zamon o‘zgarayapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelayapti. Shunga munosib malakali kadr bo‘lish uchun doim o‘z ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri raqamlashtirishda. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur,- dedi Shavkat Mirziyoyev.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda.
Qisqa vaqtda bu yerda 100 dan ortiq yoshlar o‘qib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan.
Prezidentimiz maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak.
Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi.
Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi.
Muhandislik maktablari oliy ta’lim muassasalari tarkibida yetakchi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar bo‘yicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar 2-kursdan ixtisosliklar bo‘yicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.
Mazkur maktablarning professor-o‘qituvchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi, tegishli hamkor va universitet mablag‘lari hisobidan yetakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.