Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish boʻyicha parlament soʻrovi yuborildi

    Senatning ellik birinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

    Qayd etilganidek, yurtimizda ekologik holatni yaxshilash, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilyapti. Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sohani boshqaruvchi va tartibga soluvchi mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan.

    Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 million gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etyapti.

    Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va oʻsimlik turlarining 89 foizi qamrab olingan.

    Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bioxilma-xillikni asrash, ularning sifat tarkibini yaxshilash, oʻsimlik va hayvonot olami vakillari kadastri yuritilishida ayrim masalalar mavjudligi taʼkidlab oʻtildi.

    Jumladan, aholi tomonidan noqonuniy tarzda chorva mollari boqilishi va boshqa salbiy omillar sabab muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy biomassasi siyraklashgan.

    Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari, ularning xoʻjalik imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari talab darajasida emas.

    Inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv taʼsirida tuproq eroziyasi kuchayib, choʻllanish, chang-toʻzonlarning hosil boʻlishi surunkali tus olyapti.

    Soʻnggi yillarda turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va nabotot olami turlari soni kamayib, yashash muhitlaridagi ahvol yanada keskinlashyapti.

    Ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda oʻrnatilgan tartib-qoidalar (rejim) buzilishi, jumladan, brakonerlik, noqonuniy qurilishlar hamda chorva mollari boqilishi oqibatida yovvoyi hayvon va oʻsimliklarga zarar yetkazilyapti. Aksariyat hollarda yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti.

    Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi bois, malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, senatorlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biologik xilma-xillikni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, brakonerlik, hayvonot va oʻsimlik dunyosi kontrabandasi, noqonuniy qurilishlarni oldini olish, chorva mollarini boqish, kadastr maʼlumotlarini shakllantirish va tahlil qilish, sohani raqamlashtirish lozimligini taʼkidladilar.

    Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini yanada kengaytirish, ulardan samarali foydalanish, ijara munosabatlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik qoidalarini joriy etish, yongʻin xavfsizligini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amaliy choralar samaradorligini oshirish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

    Muhokama yakunida Hukumatga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida Senat qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.