Ayni damda tashqi chegaralar yopilishi, harakatlanishlar boʻyicha cheklovlar, chet davlatlar bilan barcha sohalarda aloqani toʻxtatib qoʻyish kabi keskin choralar natijasida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmida salmoqli oʻrin tutadigan xizmat koʻrsatish va servis sohasi eng koʻp zarar koʻrmoqda.
Mamlakatimizda joriy yilning mart oyidan boshlab koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish, koronavirus balosini batamom tugatish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan va oʻta muhim vazifalarni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli Prezident Farmon va qarorlari qabul qilinib, pandemiya oqibatlarini yumshatishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birgalikda pandemiya sharoitida yashash, ishlash, aholi uchun oddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida bugungi kunda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohalarini ham qoʻllab-quvvatlash zarurligini davr taqozo qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan kuni kecha qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik subyektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonda bugungi murakkab vaziyatda aynan ushbu sohalarni qoʻllab quvvatlashga eʼtibor qaratilgan.
Xoʻsh aynan hozirgi murakkab davrda aholini, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashda qoʻshimcha ravishda yana qanday imtiyozlar berilmoqda.
Birinchidan, 2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi.
Shuningdek, bu davrda jismoniy shaxslar ham koʻchmas mulklarini ijaraga berishdan olingan daromadlari boʻyicha daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
Ikkinchidan, 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilinadilar.
Bundan tashqari, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.
Uchinchidan, umumiy ovqatlanish korxonalarida 2020-yil 1-iyuldan boshlab belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirilishi, bu sohada ham roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat olib borayotgan xodimlari faoliyatini qonunlashtirishdan manfaatdorlikni oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Toʻrtinchidan, 2021-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga oʻzlariga tutash boʻsh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqi berilishi, ular tomonidan pandemiya sharoitida ham mijozlarga xavfsiz xizmat koʻrsatishni taʼminlashga xizmat qiladi.
Beshinchidan, endilikda tadbirkorlik subyektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan, faqatgina davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport toʻxtashi taqiqlanmagan joylarni koʻrsatgan holda elektron (onlayn) xabardor qilish orqali avtodoʻkon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi taqdim etilishi ayni vaziyatda aholiga qulaylik va aholi harakatlanishini kamaytirib, xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlari uchun mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha hamda mikrofirma va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish boʻyicha berilgan imtiyozlar muddati 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilmoqda.
Shuningdek auditorlar, rieltorlar, baholovchilar, aktuariylar, apteka va ularning filiallari mudirlari, turistik tashkilotlarning ishchilari va gidlar (ekskursovodlar), xorijiy tillarga oʻqituvchilarning 2020-yil 1-martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddati navbatdagi malakaviy imtihonlarni oʻtkazish sanasiga qadar uzaytirilmoqda.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatishga qaratilgan Farmon va qarorlarda koʻzda tutilgan imtiyozlar aholiga, tadbirkorlarga joriy etilishi boʻyicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy oʻrganib, ular ijrosi yuzasidan parlament nazorati olib borish oldimizda turgan muhim vazifa boʻlib qoladi.
Abdugʻani UMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat”SDP fraksiyasi aʼzosi.
OʻzA