Multiindikator klaster kuzatuvlari muhim strategik qarorlarni qabul qilishda mustahkam asos boʻladi

    Xalqaro hamkorlik 21 Oktabr 2022 1468

    2022-yil 20-oktyabrda poytaxtimizda Davlat statistika qoʻmitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalar jamgʻarmasi ( UNICEF)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida oʻtkazilgan “Multiindikator klaster kuzatuvlari”ning (MKK) dastlabki natijalari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

    Multiindikator klaster kuzatuvlari UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuv xalqaro dasturi boʻlib, asosan bolalar va ayollar holatini baholash maqsadida koʻp koʻrsatkichli maʼlumotlarni toʻplaydi.

    MKK 1995-yildan boshlab butun dunyo mamlakatlari oʻrtasida 118 ta davlatda oʻtkazilgan. Ushbu kuzatuvlarda ona va bola salomatligi, ayollarning reproduktiv salomatligi, bolalar huquqlari va ularning taʼlim olish darajasi, bolalarning sogʻlom va jismoniy rivojlanishi kabi muhim statistik koʻrsatkichlar jamlanadi.

    Taqdimotda qutlov soʻzi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva multiindikator klaster kuzatuvlari asosida bolalar, yoshlar va ayollar toʻgʻrisida chuqur oʻrganilgan maʼlumotlarga ega boʻlish, hukumatga aholining ushbu guruhlari ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan maqsadli dasturlarni ishlab chiqishda nihoyatda muhimligini taʼkidlab, ushbu maʼlumotlar qonunchilikni takomillashtirish va ijtimoiy siyosat borasidagi islohotlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini yaratishiga alohida urgʻu berdi. Jumladan, mazkur kuzatuvlar natijalari milliy byudjet investitsiyalarini maqsadli yoʻnaltirish, shuningdek, bolalar manfaatlariga salbiy taʼsir qiladigan omillarning tub ildiz sabablarini aniqlash va hal qilish imkonini beruvchi dasturlarni ishlab chiqish hamda ularni oqilona baholashga xizmat qiladi.

    Tadbir davomida taʼkidlanishicha, MKK natijalari oxirgi yillarda Oʻzbekistonda bolalar va ayollar bilan bogʻliq holatning barqaror oʻsish trayektoriyasini koʻrsatyapti. Xususan, bolalar oʻlimi kamayib boryapti, maktabgacha taʼlim koʻrsatkichlari keskin oshgan, bolalar salomatligi va taʼlimi sohasida xizmatlar deyarli barcha joyda taʼminlanyapti. Masalan, 2-4 yoshdagi bolalarning 96 foizi salomatlik, oʻqish va psixo-ijtimoiy farovonlik nuqtayi nazaridan normal rivojlanishga ega. Bu mintaqamizdagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir.

    Tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida aytilishicha, multiindikator klaster kuzatuvlari mamlakatda muhim strategik ijtimoiy-iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Xususan, kuzatuvlar natijalari boʻyicha berilgan takliflar qonunchilikda, Prezident va hukumat darajasidagi qarorlarda oʻzining amaliy natijasini topadi. Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalarga tegishli boʻlgan 20 dan ortiq indikator koʻrsatkichlari shakllantiriladi.

    Tadbir yakunida multiindikator klaster kuzatuvlarini olib borish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalarining oʻrni muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi va bu borada konstruktiv muloqot va oʻzaro samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.