Munosib ijodkorlarning munosib e'tirofi

    Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga bag'ishlab “Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O'zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan “eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovining hududiy bosqichlari g'oliblarini taqdirlash marosimlari 2020 yil 25 avgust - 9 sentyabr kunlari o'tkazilgan edi.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga bag'ishlab “Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O'zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan “eng ulug', eng aziz” an'anaviy ko'rik-tanlovining hududiy bosqichlari g'oliblarini taqdirlash marosimlari 2020 yil 25 avgust - 9 sentyabr kunlari o'tkazilgan edi.

    Tanlovning respublika bosqichi g'oliblarini tantanali taqdirlash marosimi O'zbekiston milliy matbuot markazida bo'lib o'tdi. Unda ko'rik-tanlov tashkiliy qo'mitasi, hakamlar hay'ati, tanlov g'oliblari, jurnalistlar ishtirok etdi.

    Taqdirlash marosimini kirish so'zi bilan ochgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori, ko'rik tanlovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha Tashkiliy qo'mita raisi Asadjon Xo'jaevning ta'kidlashicha, ko'rik-tanlovning respublika bosqichiga, bosma OAV, veb-sayt, telekanal va radiokanallar ijodkorlari uchun har bir (to'rtta) yo'nalish bo'yicha joriy etilgan “eng yaxshi jurnalistik material uchun” rag'batlantiruvchi nominatsiyasining o'ziga 140 nafardan ziyod muallif va ijodiy jamoalardan 1000 ga yaqin ish kelib tushgan.

    Ko'rik-tanlov g'oliblarining munosibini aniqlash uchun jamoatchilik ishtirokini ta'minlash, o'quvchilar fikr-mulohazalarini inobatga olish maqsadida tanlov2020.uz veb-sayti ishga tushirilib, ijodiy ishlarning barchasi ushbu veb-saytga joylashtirildi, shu orqali ovoz berish yo'lga qo'yildi.

    Ijodiy ishlarning aksariyatida 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O'zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obro'si oshib borayotgani, pandemiya sharoitida ham davlat va jamiyat hayotidagi o'zgarishlar izchil davom etayotgani hayotiy faktlar va ilmiy asoslangan tahlillar bilan xolis va haqqoniy yoritilgan.

    Tanlov natijalariga ko'ra, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari yo'nalishida 1-o'ringa yozuvchi Sobir O'nar, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari bo'yicha “Ishonch” gazetasi muxbiri Nargiza Umarova, ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari yo'nalishida “daryo.uz” axborot-tahliliy portali muxbiri Mirolim Isajonov, televidenie va radio ijodkorlarining materiallari bo'yicha “O'zbekiston 24” telekanali muharriri Ulug'bek Rahmonqulov, tasviriy san'at, foto asarlari va dizayn ishlari doirasida rangtasvirchi rassom erkin Aralov, kino san'ati asarlari yo'nalishida Mansur Abduholiqovlar sazovor bo'ldilar.

    Shuni alohida ta'kidlash joizki, bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari bo'yicha rag'batlantiruvchi mukofoti "YAngi O'zbekiston" gazetasi muxbiri Iroda Toshmatovaga nasib etdi.

    — Bugun biz, jurnalistlarni yolg'on so'z aytmaslikka, so'z erkinligidan bemalol foydalanishga, jurnalist sifatida bor salohiyatimizni namoyon etishga undab turgan davlatimiz rahbari bor. — Shunday imkoniyatlar davrida bundan buyog'iga ham O'zbekiston uchun, jonajon vatan uchun bel bog'lab xizmat qilamiz, — dedi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetasi bosh muharriri, tanlov sovrindori Farmon Toshev.

    Ko'rik-tanlov g'oliblari maxsus diplomlar, ko'rik-tanlov ramzi tushirilgan plaketka hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

    Munojat MO'MINOVA,

    “Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri