Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, vazir Prezidentimizga Podshohning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchigʻi –Kisvaning bir parchasini topshirdi.
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga sovgʻasi degan maʼnodagi izoh boʻladi.
– Kaʼba yopinchigʻi – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirigʻi biz uchun tom maʼnoda tarixiy va sharafli voqea boʻldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bu hadya Islom dinining ulugʻ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga boʻlgan yuksak hurmat va eʼtiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning oʻzidayoq Markaz jamoasi ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda bu xushxabarni eʼlon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga koʻrsatayotgan yuksak eʼtibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovgʻa bilan bizni tabriklamoqda. Albatta, muqaddas Kaʼba yopinchigʻi – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri boʻlib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mehmonlar Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli maʼnaviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida taʼkidlashdi.
– Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin maʼnoda oʻxshashi yoʻq loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz boʻlsa-da, koʻmagimiz tegsa, mamnun boʻlamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday koʻrinishda boʻlishini tasavvur qilar edim. Uni oʻz koʻzim bilan koʻrgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani koʻrinib turibdi, – dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.
Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda OʻzISM oʻrtasidagi hamkorlikka bagʻishlangan muzokaralarda Oʻzbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bagʻishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin oʻtmishgacha oʻzbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan toʻsiqlar, qiyinchiliklar va Yangi Oʻzbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar koʻrsatib beriladi. Bundan tashqari,filmda oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar ham aks ettiriladi.
Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qurʼonining faksimilesi va xattot Habibullo Solih koʻchirgan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.
Hamkorlik materiali