Mehmonlar karantin tartib-qoidalariga qat'iy rioya qilingan holda kutib olindi, ularning tana haroratlari o'lchanib, tibbiy niqoblar va boshqa dezinfektsiya vositalari bilan to'liq ta'minlandi.

Darhaqiqat, ota-ona mehrini hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi. Biroq, otadek aziz, onadek qadrdon Vatan bor. Sirdaryo viloyat bolalar uyida tarbiyalanayotgan mana bu murg'ak qalb egalari uchun tarbiyachilar o'z onalaridek g'amxo'r va mehribon. Adliya boshqarmasi boshlig'i Jamshidxon Nuritdinovning ushbu maskanga tashrifi bolajonlarga olam-olam quvonch ulashdi.

- Darhaqiqat, go'daklarimiz hamisha davlatimiz, barcha mas'ul rahbarlar e'tiborida, - deydi viloyat bolalar uyi rahbari Tursunoy Xolboeva. – Mana bugun ham adliya boshqarmasi bolajonlar uchun juda muhim bo'lgan sanitariya-gigiena vositalari hamda sovg'a-salomlar bilan tashrif buyurishdi. Hali durust gapira olmasalar-da murg'ak qalblar ushbu mehr-e'tiborni yurakdan his qiladilar.

Mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish va ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. SHu bois ota-onaning huquq va majburiyatlarini amalga oshirish shakllari O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyada ko'rsatib o'tilgan. Serquyosh yurtimizda har bir bola, ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, jinsidan qat'iy nazar qonun himoyasida. Tadbir bolajonlar tomonidan namoyish etilgan musiqiy chiqishlar bilan yanada ko'tarinkilik kasb etdi.
Dilnoza Umrzoqova,
Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi etakchi maslahatchisi