«Bu yil men uchun unumli yil boʻldi. Kamarlarimni himoya qilib yana super chempionlik kamarini qoʻlga kiritdim. Bundan juda xursandam. Bularning barchasi uchun Allohga shukur qilaman. 2022-yilda nechta jang oʻtkazmoqchiman? Keyingi yildagi asosiy maqsadim – 4 ta kamarni birlashtirish. Janglar soniga keladigan boʻlsak, buni biroz vaqt oʻtganidan keyin bilib olamiz.

17 dekbar kuni muxlislar uchun ajoyib boks oqshomi boʻlib oʻtadi. Chunki, Oʻzbekistonning eng kuchli bokschilari ringga chiqadi. Ularning imkoniyatini yuqori baholayman. Odam qilgan ishni odam qila oladi. Shuncha mehnat qilishdi, endi buni ringdagi harakatlari bilan koʻrsatishlari kerak.

Mendan keyin qaysi bokschi chempionlik kamarini qoʻlga kiritadi? Hozircha, Isroil Madrimov va Bektemir Meliqoʻziyev jahon chempionlik kamarlariga intilyapti va juda yaqin turibdi.

Oʻzbekiston chempionatidagi raqobat haqida gapiradigan boʻlsak, oʻzbek boksi avvaldan kuchli boʻlib kelgan. Janglarni koʻrdingiz, jahon chempionati sovridorlari, Olimpiada ishtirokchilari ham yengilyapti. Chempionat darajasini shundan ham bilish mumkin. Bizning ortimizdan yangi Olimpiada chempionlari yetishib chiqib bayrogʻimizni koʻtarsa, bundan ham xursand boʻlamiz. Biz yosh ukalarimizga qoʻlimizdan kelganicha yordam berishga tayyormiz. Bugun shohsupaga koʻtarilgan barcha bokschilarimizni tabriklayman», - dedi MJ KAKA Ahmadaliyev olamsport.com saytiga bergan intervyusida.