Xabarda murojaatchi Jizzax viloyati, Doʻstlik tumanida yashovchi Mahmud Tugalov Byuro xodimining qoʻpolligi haqida shikoyat qilganida, karantin vaziyatga qaramasdan, Byuroning Jizzax viloyat boshqarmasiga yetib kelishni soʻrab xat yuborganligini va xatda “Sharof” soʻzi “Sharob” shaklida notoʻgʻri yozilganligini maʼlum qilgan.
Oʻrganishda, fuqaro M.Tugalov Majburiy ijro byurosi “Ishonch telefoni”ga 15.07.2020-yilda murojaat qilib, unda Byuroning Jizzax viloyat boshqarmasi Ichki xavfsizlikni taʼminlash shoʻbasi xodimi H.Ismatov uni sansiraganligi uchun chora koʻrishni soʻraganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, fuqaro M.Tugalovning murojaatida koʻrsatilgan telefon raqamiga bir necha marotaba qoʻngʻiroq qilingan va u javob bermagan. Soʻng 2020-yil 16 va 17-iyul kunlari uning yashash manzili va ish joyi Doʻstlik tuman Elektr tarmoqlari korxonasiga borilganida uni topishning imkoni boʻlmagan. Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga asosan murojaat qiluvchi yoʻqligida murojaatni koʻrib chiqish imkoni yoʻqligi uchun murojaatchi M.Tugalovga 2020-yil 20, 21, 22-iyul kunlariga chaqiruv qogʻozlari yuborilgan.
Bundan tashqari, M.Tugalov Byuroning “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, operatorga yashash manzilida koʻcha nomini aynan “SHAROB Nadirov” deb bir necha aytganligi sababli, murojaatchi manzili shu tarzda kiritilganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda, fuqaro M.Tugalov 2020-yil 23-iyul kuni iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda Byuroning Jizzax viloyat boshqarmasi Ichki xavfsizlikni taʼminlash shoʻbasi xodimi H.Ismatovning uyali telefoniga qoʻngʻiroq qilib, sansirab murojaat qilganligini, H.Ismatov undan sansiramasdan murojaat qilishini soʻragani uchun MIBning “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib H.Ismatovga chora koʻrishni soʻraganini, H.Ismatov unga qoʻpol muomalada boʻlmagani va toʻgʻri tushuncha berganini, shu sababli murojaatini koʻrmasdan tugatishni bildirgan.