Murojaatda aytilishicha, iste'molchi “Sardor qurilish sanoat” MCHJ bilan muddatli to'lov evaziga xonadon sotib olish maqsadida shartnoma imzolagan va boshlang'ich to'lov sifatida 16 million) so'm to'lagan. Keyinchalik uy sifatsizligi uchun to'lagan mablag'ini qaytarib olishga ahd qilgan, biroq buyurtmachi pulni qaytarib berishni kechiktirgan. Murojaat o'rganilishi natijasida 16 million so'mning iste'molchi foydasiga undirilishiga erishildi.
YAna bir murojaat Uychi tumanida yashovchi S.Mamadalievadan kelgan. Unda qayd etilishicha, fuqaro 2021 yil avgust oyida chorvachilikni rivojlantirish maksadida imtiyozli kredit olish uchun tijorat banklaridan biri bilan 30 million so'mlik shartnoma imzolaydi. Iste'molchiga ta'minotchi tomonidan 10 bosh zotli qo'y beriladi. Afsuski, oradan hech qancha vaqt o'tmay, qo'ylar kasallana boshlaydi.
Veterinar tekshirganda esa qo'ylarning jigari kasallangani ma'lum bo'ladi.
Fuqaro shu kunning o'zida bank xodimlariga murojaat qiladi, ammo bank ma'murlari pul ta'minotchining firmasi hisobraqamiga o'tkazilganini aytadi. Iste'molchi shundan so'ng ta'minotchi bilan bog'lanib, vaziyatni tushuntiradi, lekin foydasi bo'lmaydi. Taassufki, bir haftaga bormay qo'ylarning hammasi nobud bo'ladi. Murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchining 30 million so'mlik kredit mablag'i ta'minotchi tomonidan qoplab berilishiga erishildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.