Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Asaka tumanida yashovchi Z.Abdullayevdan murojaat kelib tushdi. Unga koʻra, fuqaro tuman markazida joylashgan tijorat banklaridan biriga quyonchilikni rivojlantirish uchun kredit soʻrab ariza topshirgan, biroq bank xodimlari turli bahonalar bilan kredit berishni ortga surgan.

Federatsiyaning Andijon viloyati hududiy birlashmasi murojaatni oʻrganishi natijasida isteʼmolchiga bankdan 26 million soʻm mablagʻ olib berildi.

Yana bir murojaatni Kattaqoʻrgʻon tumanida yashovchi Q.Rabbimova yoʻllagan. Isteʼmolchining yozishicha, u oʻtgan yili 11-noyabrda muddatli toʻlov asosida tovar sotib olish uchun bankka murojaat qiladi. Bank “Gulnoza Sabrin” xususiy firmasiga 95 million soʻm oʻtkazilgani, mahsulot esa tez orada yetkazib berilishini aytadi. Biroq oradan toʻrt oy oʻtsa hamki, 95 million soʻmlik tovar Q.Rabbimovaga yetkazib berilmaydi.

Mazkur murojaat ham federatsiyaning Samarqand viloyati hududiy birlashmasi tomonidan oʻrganilib, fuqaroga 95 million soʻmlik mahsulot yetkazilishiga erishildi.