Dardi tinglanayotgan odamlarning hayotdan roziligi, ertangi kunga ishonchi ortib boryapti

    Ijtimoiy hayot 17 Iyun 2022 1087

    Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, ularning qonuniy talablari, soʻrov va takliflarini amalga oshirishda tuman va shaharlarda tashkil etilgan adliya boʻlimlari muhim ahamiyat kasb etyapti. Adliya organlarining amaliy koʻmagi bilan koʻplab hamyurtlarimiz oʻzlarini qiynab kelayotgan turli muammolariga yechim topyapti. Eng muhimi, murojaatlar qonuniy asoslarda oʻz vaqtida qonuniy va adolatli hal etilayotgani fuqarolarimizning hayotdan rozi boʻlib, ertangi kunga ishonch hissi bilan yashashlarida muhim omil boʻlyapti.

    Jumladan, Adliya vazirligi tashabbusi bilan Fargʻona viloyatining Rishton tumanidan 25 kilometr olisda joylashgan “Uyrat” MFYda sayyor qabul oʻtkazildi. Sayyor qabulda tuman hokimligi, sektor rahbarlari, tumandagi mutasaddi tashkilotlar, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar, advokatlar qatnashdi.

    Ushbu qabulga 250 nafardan ortiq fuqarolar tashrif buyurib, masʼullar tomonidan ularni qiynayotgan muammolar batafsil va atroflicha oʻrganildi.

    Shaxnoza Abdurahmonova koʻp yillardan buyon betob. Biroq qanday tartibda nogironlik nafaqasiga chiqishni bilmaydi. Sayyor qabulda unga adliya xodimlari tomonidan huquqiy koʻmak koʻrsatilib, tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirildi.

    Salima Hakimova nogiron farzandiga 10 yil avval maxsus aravacha olib bergan edi. Bu salmoqli yillar davomida aravachaning ancha oxori toʻkildi. Sayyor qabulda imkoniyatlari cheklangan farzandi uchun nogironlik aravachasi olib berishda yordam soʻrab murojaat qildi. Adliya koʻmagi bilan uning masalasi zudlikda oʻz yechimini topdi.

    Rishton tumanining Uyrat qishlogʻida istiqomat qiluvchi nogironligi bor Hikmatullo Halilov 11 yildan buyon yura olmaydi. Oyoqqa turish va mustaqil yurish uchun bormagan joyi,koʻrsatmagan doktori qolmadi. Unga ayni damda reabilitatsiya yordami zarur. Sayyor qabul davomida,nogironligi bor shaxslarga koʻrsatiladigan ijtimoiy yordam, imtiyoz va imkoniyatlar, davolanish bilan bogʻliq muammolari shu joyning oʻzida ijobiy yechim topdi.

    — Toʻshakka mixlanganimga 11 yil boʻldi, — deydi Hikmatullo Halilov. — Lekin shu davr mobaynida biror marta tegishli joylarga ahvolim va menga beriladigan yordam kabi muammolardan arz qilmadim. Lekin farzandlarimga ha deganda ogʻirligim tushavermasin, deymanda. Ming xijolat bilan kelgandim sayyor qabulga. Ming shukr dardimizni eshitishib, bir zumda yordam berishdi.

    Xususan, sayyor qabul davomida 55 nafar fuqarolarning masalalari joyida hal etilib, ularga moddiy yordam, kredit olish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, yer olish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Hal etilishi uchun muddat talab qilinadigan 113 nafar fuqarolarning murojaatlari adliya organlari va tegishli idoralar ish yurituviga olindi.

    Shu bilan birga, aholining ishsiz qatlami, xususan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash maqsadida tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etilib, 3 nafar fuqaro ishga joylashtirildi hamda 21 nafardan ortiq fuqarolarning ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi murojaatlari ish yurituviga olindi.

    Elyor Eksanov,
    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
    Jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha
    yetakchi maslahatchisi.