Yurtimiz taraqqiyotining eng muhim ustuvor vazifalari eʼlon qilinadigan ushbu yillik murojaatnomani intiqlik bilan kutilgani ham bejiz emas, chunki unda xalqimizning dilidagi gaplar bayon etildi.
Ayniqsa, qalbimizni toʻlqinlantirgan bir jihat — ilmiy salohiyatni kuchaytirish, professor-oʻqituvchilarning malakasi, ularning til bilish darajasini oshirish, milliy va xalqaro reytinglarda universitetlar nufuzi, oʻrnini koʻtarishga qaratilgan masalalar ham Muhtaram Prezidentimizning murojaatnomasida oʻz aksini topdi.
Shuningdek, Davlatimiz rahbari ajdodlarimiz, buyuk allomalarimiz, ota-bobolarimiz ruhiyatini ifoda etgan holda, bugun biz tarbiya etayotgan avlodlardan boʻlgusi Avloniylar, Beruniylar, Mirzo Ulugʻbeklar yetishib chiqishiga bildirgan yuksak ishonchi - shijoatimizni yanada oshirib, jamoaga yangicha kuch berdi.
Endilikda Fargʻona davlat universitetining koʻp sonli professor- oʻqituvchilari shaxsiy ish rejasidan tortib, har bir talabaning kundalik vazifasida Murojaatnomada belgilangan maqsadlar aks etishi tabiiy. Chunki elimiz bilan axdlashuv boʻlmish bu hujjat oʻzining xalqparvarligi bilan yoshu-keksaning, ustozlaru talaba-yoshlarning yuragiga kirib bordi.
Oliygoh jamoasi ham yoshlarga sifatli taʼlim berish, “talababay” ishlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, ilm-fanga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etmoqda. Buning samarasi esa talabalar erishgan yutuqlarda boʻy koʻrsatmoqda.
Jumladan, 2022/2023-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichining 566 nafar talabasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib koʻrilgan boʻlsa ularning 18 nafari Fargʻona davlat universiteti talabalaridir. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori 1 nafar, Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi 1 nafar, Navoiy nomli davlat stipendiyasi 13 nafar, Ulugʻbek nomli davlat stipendiyasi sohiblari esa 3 nafarni tashkil etgani barchamiz uchun quvonarlidir. Zero, shunday ildam, oʻz bilim qudratiga ega, tashabbuskor yoshlar xalqimizning ishonchi va umid kurtaklaridir.
Prezidentimiz Yusuf Xos Hojibdan iqtibos keltirib, “Zakovat bor joyda ulugʻlik, bilim bor joyda buyuklik boʻladi” degan ezgu gʻoyani ilgari surganligi, ilmni taraqqiyot oʻzagi sifatida koʻrib, maʼrifatni rivojlantirayotganligi - yoshlarimizning baxtli kelajagi hamda millatning ertangi ravnaqidan yorqin dalolatdir.
Albatta, taʼlimga kiritilgan investitsiya bu – Yangi Oʻzbekiston, millat kelajagi uchun kiritilgan eng manfaatli sarmoyadir. Joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, kelgusi yilda bu 1,8 trillion soʻmga yetkazilishi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi.
Aytish kerakki, biz bunday eʼtibor va eʼzozga munosib boʻlishimiz, yoshlar orasida Murojaatnomani targʻib-tashviq qilishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz, mazkur daʼvatkor hujjatda qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlashda birinchilar safida boʻlishimiz zarur.
“Albatta, erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulugʻ boʻlgan diyor – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi dastlabki natijalardir. Bu bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qoʻygan katta-katta marralarga albatta erishamiz” – deya taʼkidladilar yurtboshimiz oʻz murojaatnomasida. Demak, bugungi erishayotgan marralarimiz, olamshumul islohotlar - mamlakat taraqqiyotining bir debochasi. Bugun bu yoʻlda bizdan kutiladigani albatta, jasorat, fidoiylik, tinimsiz harakat va mustahkam irodadir.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Fargʻona davlat universiteti rektori