Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor yoʻnalishlar belgilandi

    Mamlakatimizda 27 Dekabr 2022 1936

    Senatning oʻttiz oltinchi yalpi majlisida senatorlar dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdilar.

    Taʼkidlanganidek, Murojaatnoma oʻz mohiyati va ruhiyatiga koʻra mamlakat fuqarolari, ularning manfaati va bevosita aholining yashash sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan dasturiy hujjatdir. Unda koʻtarilgan har bir masala parlament faoliyati bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning joylarda ijrosini taʼminlash boʻyicha parlament tomonidan samarali nazorat oʻrnatish, ularning toʻliq bajarilishini monitoring qilish Senatning asosiy vazifalaridandir.

    Jumladan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish va uning faoliyati natijadorligini taʼminlash vazifalaridan kelib chiqib, Senat qoʻmitalari oʻz faoliyati yoʻnalishida hamkorlik qiluvchi tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro aloqa va ishlash uslublarini qaytadan koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Zero, parlament faoliyatining asosiy ish mazmuni hokimiyatlar oʻrtasidagi oʻzaro tiyib turish, manfaatlar muvozanatini saqlagan holda xalq manfaati yoʻlida hokimiyat boʻgʻinlari oʻrtasidagi hamkorlikdan iborat.

    Shuningdek, Murojaatnomada qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, Senat qonunlarning muhokamasini mahalliy Kengashlar darajasida ham faol oʻtkazishi, qonunlarning har bir hududning manfaatlariga mosligini baholab borishi lozimligi, qonunlarni ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish mexanizmlarini kengaytirish zarurligi alohida belgilandi.

    Shu bilan birga parlamentning nazorat-tahlil faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligiga urgʻu berilib, bunda asosiy eʼtiborni hududga, ayniqsa, mahallalarga qaratish va bu jarayonga mahalliy Kengashlarni faol jalb qilish, aholi bilan ishlash natijasida aniqlangan dolzarb masalalarni Hukumat aʼzolari oldida koʻtarish va ularning yechimini topishga koʻmaklashish lozimligi taʼkidlandi.

    Murojaatnomaning inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yoʻnalishida bevosita senatorlar eʼtibori markazida boʻlishi lozim boʻlgan masala — korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi hisoblanib, senatorlar tegishli sohalarni tahlil qilgan holda korrupsiyani bartaraf etish masalasida faol boʻlishlari zarurligi alohida qayd etildi. Jumladan, ushbu yoʻnalishda masʼul boʻlgan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan doimiy hamkorlikda boʻlsada, endilikda bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqish va yanada aniq, samarali tashkil etish lozimligi taʼkidlandi. Muhimi, bevosita hududlarda, sohalar kesimida tahlillar oʻtkazish, muammolar yechimi yuzasidan takliflar tayyorlash va ularni amalda tatbiq etishga asosiy eʼtiborni qaratish, xususan, byudjet hisobidan boʻlayotgan qurilishlarni hamda “tashabbusli byudjet” hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini joylarga chiqib oʻrganishni inobatga olish zarurligi alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, yalpi majlis davomida Murojaatnomada taʼkidlangan sud qarorlari ijrosining qatʼiy taʼminlanmayotganligi muammosiga ham alohida eʼtibor qaratilib, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tegishli idoralarda sud qarorlari ijrosi holatini oʻrganishi va asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqishi zarurligi, mazkur masalaga Bosh prokuror hisobotini eshitish davomida ham alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.