Prezidentimiz raisligida aholini uy-joy bilan ta'minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'kalamzorlashtirish ishlarini kuchaytirish bo'yicha bir qator topshiriqlar belgilab berilgan edi.
Shu munosabat bilan, Prezident ta'lim muassasalari agentligi jamoasi “Muruvvat” nogironligi bo'lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida istiqomat qiluvchilarga yordam berish maqsadida, ular bilan birgalikda mazkur muassasada ko'chat ekish ishlarini tashkil etdi. Loyiha doirasida muassasa maydoniga manzarali Fotiniya, oddiy daraxtga nisbatan 4 barobar ko'p kislorod ishlab chiqaruvchi Pavloniya, mahalliy va Qrim qarag'ayi kabi daraxt hamda buta ko'chatlari ekildi.
Agentlik tomonidan ko'kalamzorlashtirish sohasida ko'p yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlarni, ya'ni manzarali daraxtzorlarda ko'chatlarni ekish sxemasini o'rganildi va shunga amal qilgan holda ish ko'rildi.
Manzarali daraxtlar ko'chatlari barglar to'kilgandan so'ng kech kuzda yoki bahorda vegetatsiya boshlanmasdan ekilishini hisobga olinib, “Muruvvat” uyida to'rt faslda ham ko'zni quvnatadigan, havoni kislorod bilan boyitadigan daraxtlar tanlandi.
Aytish joizki, ushbu umummilliy loyiha doirasida butun Respublika bo'ylab ekilayotgan manzarali va mevali ko'chatlar urbanistik issiqlik ta'sirini kamaytirishga hamda havo harorati pasayishiga qisman bo'lsada hissa qo'shadi. Ushbu loyihaning “Yaxshidan bog' qolur” shiori ostida o'tkazilayotgani ham bejiz emas. Har bir ekilgan daraxt havoni changdan tozalashi, kislorod ishlab chiqarishi bilan birga hozir butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o'zgarishlariga ijobiy ta'sir etib, kelajak avlodga yashil makon ulashadi.
Ushbu loyiha doirasida Agentlik tomonidan daraxt ekish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.