Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvonsaroyida musavvir Evadulla Abdullayevning ijod namunalaridan tashkil topgan koʻrgazma ochildi.

Ekspozitsiyadan rassomning “Osmonimiz tinch boʻlsin”, “Chotqolda bahor”, “Bizga tinchlik kerak”, “Bahor”, “Bahor keldi”, “Namangan olmasi”, “Terrorizm manbai”, “Ular qalbimizda mangu yashaydi (1941-1945)”, “Inson – bu sening qoʻling”, “Ogoh boʻling”, “Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy portretlari”, Orol dengiziga oid bir necha ijodiy ishlari oʻrin olgan.

E. Abdullayev 1954-yili Namangan viloyatining Pop tumanidagi Chodak qishlogʻida tavallud topgan. Badiiy grafika boʻyicha tahsil olgan. Plakat janrida ijod qiladi. Respublika va xalqaro koʻrgazmalarda faol ishtirok etib, diplomlar bilan taqdirlangan.

Koʻrgazma joriy yilning 31-mayigacha davom etadi.

Hasan Abdunazarov