Mushtarak maqsadlar — hamkorlik rishtalari

    Farg'onada 30 ta Qirg'iziston kapitali ishtirokida qo'shma korxonalar faoliyat ko'rsatib kelyapti.

    Farg'ona shahrida Tojikiston Respublikasining So'g'd, Qirg'iziston Respublikasining Botken va Farg'ona viloyatlari rasmiylari va ishbilarmonlari ishtirokida “Chegaraoldi hududlar integratsiyasi taraqqiyot omili” mavzusida xalqaro biznes-forum bo'lib o'tdi.

    O'zbek, tojik va qirg'iz xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, yaqin do'st hamda qo'shni sifatida yashab kelgan. Tariximiz, madaniy va diniy qadriyatlarimiz, an'anayu urf-odatlarimiz mushtarak.

    Uch mamlakat Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlari ijtimoiy- iqtisodiy hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqdi

    Farg'onada tashkil etilayotgan mazkur anjuman ham o'zaro manfaatli maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Ikki viloyat delegatsiyalari katta tantanalar bilan kutib olindi. Farg'ona tumanidagi viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da rasmiy uchrashuv bo'lib o'tdi.Unda Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, So'g'd viloyati Raisi, Tojikiston Oliy Majlisi yuqori palatasi Raisining birinchi o'rinbosari Rajabboy Ahmadzoda va Qirg'iziston Respublikasi hukumatining Botken viloyatidagi muxtor vakili Omurbek Suvanaliyev qardosh xalqlarning munosabatlari yangi bosqida davom etayotganligini ta'kidlab, barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida so'z yuritdi.

    Farg'ona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-kontsert saroyida Tojikiston Respublikasi So'g'd viloyati, Qirg'iziston respublikasining Botkent viloyatidagi ishbilarmonlari doirasida xalqaro biznes-forumining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

    — O'zbekiston qadimiy va boy tarixga ega, Buyuk ipak yo'lining markazi bo'lgan o'lka, — deydi Sug' viloyati savdo sanoat palatasi raisi Muhammad Muhammadjonov. — Farg'ona viloyati o'zining hududiy joylashuvi, yo'l va kommunikatsiya tarmoqlari rivojlangani bilan ajralib turadi. Men bu yerga bundan ikki yil avval kelgandim. To'g'risi, juda o'zgarib obod bo'lib ketibdi. Bu tadbirkor va investorlarning qiziqishlarini oshirmoqda. Forum doirasida to'qimachilik, metallurgiya, qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida hamkorlik qilishni ko'zlab turibmiz.

    Hozirgi kunda viloyatda tojikistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 5 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Farg'ona viloyati tomonidan qiymati 4 million AQSH dollarilik 7 ta eksport shartnomasi taklifi ishlab chiqildi.

    Uch davlat tadbirkorlari uchun ochiq muloqot maydoniga aylangan mazkur biznes–forum ishbilarmonlar o'rtasida istiqbolli loyihalarni hayotga tadbiq etishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Xususan, chegaraoldi viloyatlar bilan hamkorlik yanada faollashayotganini alohida ta'kidlash lozim. Hududlar o'rtasida ilmiy-amaliy konferentsiyalar, simpoziumlar, seminar va forumlar, yoshlar o'rtasida fan olimpiadalari, san'at festivallari va sport musobaqalari doimiy tarzda tashkil etib kelinmoqda.

    — Do'stlik, hamjihatlik yo'lida boshlangan amaliy hamkorlik yaqin kunlarda o'z samarsini beradi, — deydi Botkent viloyat “Qizil buloq” korxonasi direktori Ismanali Karabayev. - Korxonamiz ko'mir qazib chiqarish bilan shug'ulanadi. Yaqinda mahsulot saralash sexi ish tushdi. Bu yer qaridan qazib olingan mahsulotlarimizni 4 yo'nalishda saralab beradi.

    2020-yilda Farg'ona viloyati va Qirg'iziston Respublikasi viloyatlari o'rtasida import-eksport operatsiyalari umumiy qiymati 159,8 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bugungi kelib, Farg'onada 30 ta Qirg'iziston kapitali ishtirokida qo'shma korxonalar faoliyat ko'rsatib kelyapti. Ayni kunlarda hamkorlikda 6 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

    Ochiq va do'stona muloqot tarzidagi uchrashuvda qo'shni davlatlar uchun teng manfaatli kelishuvlar, hududlar integratsiyalashuvi, istiqbolli loyihalar, savdo, import-eksport hamda tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida o'zaro hamkorlikning samarali shaklini yaratish bo'yicha fikr allashildi.

    Mehmonlar Farg'ona viloyatida ishlab chiqarilgan sanoat va hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi bilan tanishdi.

    Anjumanda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “B2B” shaklidagi amaliy uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

    Farg'ona va So'g'd viloyatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yuzasidan “yo'l xaritasi”, Qo'qon shahri, Buvayda, Beshariq, Dang'ara, Uchko'prik tumanlari hamda qo'shni viloyat shaharlari bilan birodarlik memorandumi imzolandi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    jurnalist