Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosati chuqur oʻylangani, pragmatik va aniq yechimlarga asoslangani, demokratik ruhda ekani bilan xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Gap Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini kuchaytirish masalasi haqida borar ekan, bu boradagi islohotlarni yanada faollashtirish maqsadida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida “anʼanaviy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilish” ustuvor vazifalardan etib belgilanganini qayd etish joiz.
Ayni shu jihatdan Oʻzbekiston va Pokiston munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilib, jarayon tezlashib borayotgani diqqatga sazovor. Oʻzbekiston iqtisodiy, siyosiy salohiyati yil sayin oʻsib borayotgan Pokiston bilan oʻzaro sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga, ayniqsa, soʻnggi yillarda katta ahamiyat bermoqda. Pokiston ulkan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar salohiyati, inson resurslari, qulay geosiyosiy joylashuvi hamda yuritayotgan vazmin tashqi siyosati tufayli hozirgi paytda mintaqaviy siyosiy hayotda, muhim xalqaro muammolar hal etilishida yetakchi mamlakatlardan biri boʻlib turibdi.
Oʻzbekiston va Pokiston munosabatlari 1992-yil diplomatik aloqa oʻrnatilgandan buyon izchil rivojlanmoqda. Geografik joylashuvi, savdo-iqtisodiy va madaniy jihatdan strategik ahamiyati bu ikki davlatni Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiruvchi omilga aylantirgan. Ikki davlat munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollariga toʻxtalar ekanmiz, eng avvalo, oʻzaro aloqalar barcha yoʻnalishlarda tobora mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidlash joiz. Binobarin, Pokiston bilan koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirish Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladi. Ayni paytda bu hamkorlik oʻz rivojlanishining yangi tarixiy bosqichida turibdi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish surʼatiga Prezidentimizning 2022-yil 3-4-mart kunlari Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi kuchli turtki berdi. Tashrif doirasida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish boʻyicha keyingi qadamlar toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Ikki davlat vazirlik va idoralari oʻrtasida 10 ta hujjat, jumladan, imtiyozli savdo, atrof-muhitni muhofaza qilish, ziyorat turizmi, temir yoʻllar, viloyatlar va poytaxt shaharlar oʻrtasidagi kelishuvlar boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar qabul qilindi.
Tashrif arafasida oʻtkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta qoʻshma savdo va investitsion loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgandi.
Hozirgi kunda davlatlarimiz mintaqada barqaror rivojlanish va integratsiyaning asosiy ishtirokchilari sifatida munosabatlarning strategik xususiyatini yanada kuchaytirmoqda. Oʻzbekistonning Pokiston bilan aloqalari keng qirrali boʻlib, energetika, transport-logistika, sogʻliqni saqlash, taʼlim, savdo, ijtimoiy xavfsizlik shular jumlasidan. Xususan, Pokistonning “Novugen Pharma”, “UP-Match”, “Pak-Merit Bleaching”, “Diamond Group” kabi yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda yurtimiz hududlarida investitsiya loyihalari amalga oshirilayotir.
Pokiston mamlakatimizning nafaqat Janubiy Osiyo va islom olamidagi, balki jahon miqyosidagi ishonchli hamkorlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar keyingi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. 2019-yildagi 122 million AQSH dollarilik savdo aylanmasi 2024-yilga kelib, 400 million dollardan oshdi. 2024-yilda Oʻzbekiston Pokistonga 300 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Xususan, qiymati 192,3 million AQSH dollariga teng boʻlgan 124,7 ming tonna meva-sabzavot eksporti amalga oshirildi.
Soʻnggi besh yilda qoʻshma korxonalar soni ham uch baravar oshib, 130 taga yetdi. Shu davr mobaynida avtomobil transportida yuk tashish hajmi qariyb 6,5 baravar oʻsib, 2023-yilda 354 ming tonnani tashkil etdi.
Oʻzbekiston investitsion muhit barqarorligi va xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ajralib turadi. Pokistonlik investorlar toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati kabi sohalarga kirib kelishi uchun yurtimizda keng imkoniyatlar mavjud. Hukumatimiz turli sohalarda loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, sarmoyadorlarga qulay shart-sharoit yaratmoqda. Ayni jarayonda ikki mamlakat tadbirkorlarining B2B uchrashuvlari muhim ahamiyat kasb etib, yangi sarmoyaviy loyihalar ilgari surilishiga zamin hozirlamoqda.
Oʻzbekiston va Pokiston transport-logistika yoʻnalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarmoqda. 2024-yil noyabr oyida Toshkent — Lahor yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnov yoʻlga qoʻyildi. Bu reys turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Toshkentdan Pokistonning ikkinchi yirik shahri — Karachiga havo orqali yoʻl ochish yuzasidan muzokara davom etmoqda.
Termiz shahridagi “Termez Cargo Center” logistika xabi imkoniyatini kengaytirish yana bir muhim loyiha hisoblanadi. Afgʻoniston va Pokiston orqali tovar yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega bu markaz hududida yangi omborxonalar qurish, xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish koʻzda tutilgan. “National Logistics Corporation” kompaniyasi bilan ushbu bazada yukni saqlash va qayta taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha kelishuv imzolangan. Yaqin kelajakda tovarlarni Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlariga tranzit qilish jarayoni ancha soddalashadi.
Joriy yilning 25-26-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi. Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston — Pokiston strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari oʻrin oldi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qabul qilingan “yoʻl xaritasi” asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani sheriklikning ahamiyatini yanada oshiradi. Savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun onlayn platformalar yaratish rejalashtirilgan. Shu tariqa eksportchi va importchilar muloqoti yengillashib, yangi savdo yoʻnalishlari ochiladi.
Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasida tovarlar roʻyxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini oʻzaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Bu kabi vazifalarning samarali ijrosini taʼminlash mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan birga ikki davlat ishlab chiqaruvchilarining jahon bozorlariga kirib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi investitsion hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, toʻqimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi.
Keyingi bir necha yilda Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston multimodal yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar koʻpaygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qoʻshma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani taʼkidlandi. Bu yoʻl Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bogʻlaydi. Jumladan, Oʻzbekistonga Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini beradi. Natijada mintaqaviy savdo, iqtisodiy hamkorlik rivojlanadi. Temir yoʻlning uzunligi taxminan 760 kilometr boʻlib, Termiz — Mozori sharif — Kobul — Peshovar boʻylab oʻtadi. Loyihaning umumiy qiymati 4,8 milliard dollarga baholanmoqda. Transafgʻon temir yoʻli ishga tushgach, Pokistondan Oʻzbekistonga yuk tashish muddati 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shuningdek, bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobar arzonlashishi kutilyapti.
Ikki davlat qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda, bir-birining mavqelarini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu hamkorlik, ayniqsa, BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi tashkilotlar doirasida ikki mamlakatning oʻzaro taklif va tashabbuslarini maʼqullash orqali amalga oshirilayotgani eʼtiborlidir. Pokiston Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu borada 2024-yil 6-dekabr kuni Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Ushbu hujjat JSTga qoʻshilish jarayonida Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan islohotlar, xalqaro savdo tizimiga integratsiya boʻyicha mamlakatning jiddiy saʼy-harakatlari tan olinishini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalar, imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar oʻzaro munosabatlar rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Jasurbek OTANIYOZOV,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor