Mamlakatimizda 2022­2023 oʻquv yilidan boshlab musiqa taʼlimi tizimida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Bunday yangiliklar asosini Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar tashkil etadi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida mamlakatimizda musiqa taʼlimini innovatsion rivojlantirish va uning vositasida yosh avlod madaniyatini zamonaviy talablar asosida oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu sababli mazkur jarayonda qaror ijrosini taʼminlash muhim oʻrin tutadi. Qarorga asosan, 2022/­2023 oʻquv yilidan boshlab mamlakatimiz musiqa taʼlimi butunlay yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyilmoqda.

Birinchidan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Musiqa madaniyati” fanini oʻqitish jarayonini davlat taʼlim standartlari va malaka talablariga asoslanib takomillashtirish, unda oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirish musiqa taʼlimining asosiy negizi etib belgilanmoqda. Buning uchun ushbu fan mashgʻulotlari haftasiga belgilangan bir oʻquv soati hamda unga qoʻshimcha ravishda har hafta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish amaliy toʻgaraklari va fakultativ darslar shaklida tashkil etiladi.

Jarayonda “Musiqa madaniyati” oʻquv fani mashgʻulotlari umumiy oʻrta taʼlim maktablarida nazariy darslar, amaliy toʻgaraklar va fakultativ mashgʻulotlar shaklida tashkil etilishiga eʼtibor qaratish lozim. Bu bir haftada oʻtkaziladigan dars. Bugunga qadar mazkur fanning dars mashgʻulotlari ajratilgan soat asosida ham nazariy, ham amaliy shakllarda oʻtib kelinar edi. Natijada bu fan boʻyicha oʻquvchilarning oʻzlashtirish jarayoni talab darajasida boʻlmagan.

Vaholanki, oʻquv fanining asosiy vazifalaridan biri oʻquv reja va dasturlari asosida davlat taʼlim standartlari hamda malaka talablariga binoan umumiy mashgʻulotlar oʻtkazish, shuningdek, oʻquvchilarning musiqiy layoqatini rivojlantirishdan iborat. Bu vazifa ijrosini taʼminlashda faqat bir soatlik mashgʻulotning oʻzi kamlik qilar edi. Shu sababli, joriy yangi oʻquv yilidan boshlab ushbu fan uchun haftasiga belgilangan bir oʻquv soati hamda unga qoʻshimcha ravishda ajratiladigan soatlar hisobidan amaliy toʻgaraklar va fakultativ darslar oʻtilishi nazarda tutilmoqda.

Eslatib oʻtish joizki, qoʻshimcha darslar maktab hisobidagi soatlar ulushi asosida amalga oshiriladi. Shu sababli mazkur oʻquv yilidan bosh lab umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Musiqa madaniyati” oʻquv fani boʻyicha bosqichma-­bosqich tashkil etiladigan amaliy toʻgaraklar va fakultativ darslarga hududlarda faoliyat yuritayotgan mashhur hamda tajribali sanʼatkorlar jalb etiladi.

Bundan tashqari, mazkur qarorga koʻra, amaliy toʻgaraklar rahbarlariga haq toʻlashda “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak rahbari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari qoʻllanadi, yaʼni umumiy oʻrta taʼlim maktablarining “Musiqa madaniyati” oʻquv fani oʻqituvchilari musiqa amaliy toʻgaraklarini olib borganida ularning maoshiga bazaviy tarif stavkalari qoʻshiladi.

Bunday mashgʻulotlarda faol ishtirok etgan ushbu toifa sanʼatkorlar qaror asosida ish joyidan lavozim maoshi miqdorida qoʻshimcha ustama bilan ragʻbatlantiriladi. Bu yangilik umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Musiqa madaniyati” oʻquv fani nazariyasi va oʻqitish metodikasini innovatsion rivojlantirish, oʻquvchilarning musiqiy bilim va koʻnikmalarini kutilgan darajada oshirish hamda ularning musiqiy layoqatini rivojlantirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida musiqa taʼlimini yangicha asosda tashkil etishning real shart­sharoitlari koʻrsatilgan. Qarorda belgilanganidek, joriy oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablari milliy cholgʻular, musiqa darsliklari, nota toʻplamlari va oʻquv­metodik adabiyotlar bilan tizimli ravishda bosqichma-­bosqich taʼminlanadi. Bular umumiy oʻrta taʼlim maktablarini darsliklar va oʻquv­metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash tizimiga kiritildi.

Shu jihatdan har bir umumiy oʻrta taʼlim maktabi dutor, doʻmbira, doira, tanbur, rubob, gʻijjak, nay kabi milliy cholgʻularga ega boʻladi. Mazkur ishlar natijasida mamlakatimizda 2022/­2024-yillarda umumiy oʻrta taʼlim maktablari zaruriy cholgʻular bilan toʻliq taʼminlanishi kutilmoqda.

Uchinchidan, mamlakatimiz musiqa taʼlimidagi yangilanishlar mutasaddilar oldiga umumiy oʻrta taʼlim maktablarini professional musiqa oʻqituvchilari bilan taʼminlash vazifasini qoʻyadi. Shu sababli, qarorda taʼkidlanganidek, 2023­2024 oʻquv yilidan boshlab amaliy faoliyatga yoʻllanma oladigan professional musiqa oʻqituvchilarining kamida uchta cholgʻuda kuy ijro eta olish mahoratiga ega boʻlishiga erishish moʻljallanmoqda. Buning uchun asoslar yetarli.

Chunki musiqa taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar oʻzlarining shaxsiy cholgʻularidan tashqari unga turdosh cholgʻularda ijro etish imkoniyatiga ega. Misol uchun, zarbli­torli cholgʻuda kuy ijro qiladigan sozanda shu cholgʻularga turdosh musiqa asboblarida ham kuy chala oladi. Ayni paytda musiqa sanʼatida milliy (xalq) cholgʻularning takomillashtirilgan oilaviy turlari mavjud.

Masalan, takomillashtirilgan chang cholgʻusi ijrochisi uning barcha anʼanaviy turlarida ham kuy ijro eta oladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab musiqa taʼlimini amalga oshirishning eng muhim ikki tayanchi — umumtaʼlim maktablarida “Musiqa madaniyati” oʻquv fanini yangicha metodika asosida tashkil etish va oliy maʼlumotli professional musiqa oʻqituvchilarini tayyorlash boʻyicha innovatsion asosdagi taʼlim jarayoni yoʻlga qoʻyilmoqda. Shu sababli, bu jarayonning nazariy­metodik asoslarini yaratish taqozo etiladi. Buning uchun imkoniyatlar yetarli.

Avvalo, umumiy oʻrta taʼlim maktab larida musiqa taʼlimini oʻqitishning oʻziga xos milliy tajribasi mavjud va amaliy faoliyatdagi musiqa oʻqituvchilari individual uslublarga ega. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari va oliy musiqa taʼlimi jarayonida oʻzlashtiriladigan musiqa asarlari majmui ham mavjud. Qolaversa, musiqa taʼlimini yangicha asosda tashkil etish uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalarida tashkiliy­metodik hamda didaktik­texnologik imkoniyatlar majmui shakllantirilgan.

Shu sababli, bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanish joiz. Ayni paytda mamlakatimizda musiqa taʼlimini yangicha asosda tashkil etish uchun qator tashkiliy ishlarni bajarish zarur. Jumladan, avvalo, amaliy faoliyatdagi musiqa oʻqituvchilarining musiqa taʼlimi boʻyicha malakasi yangicha asosda kuchaytiriladi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari musiqa taʼlimi repertuarini takomillashtirish va ularning oliy musiqa taʼlimi dasturlari bilan uygʻunligini taʼminlash maqsadga muvofiq.

Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tashkil etiladigan musiqa amaliy toʻgaraklari va fakultativ darslarga qoʻyiladigan talablar hamda ularda oʻrganiladigan musiqa asarlari repertuari shakllantiriladi. Boʻlgʻusi oliy maʼlumotli musiqa oʻqituvchilarini haftalik amaliyot davrida maktablardagi amaliy toʻgaraklar va fakultativ darslarga jalb etish asoslari ishlab chiqiladi.

Amaliy toʻgaraklar va fakultativ darslar vositasida musiqa layoqatiga ega oʻquvchilarni tarbiyalash hamda ularni musiqa sanʼatiga yoʻnaltirish metodikasi va mexanizmlarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Bularning yechimini topish musiqa taʼlimini innovatsion jamiyat sharoiti va talablari asosida kutilgan darajada tashkil etish imkoniyatini beradi.

Musiqa taʼlimining mazkur ikki tizimida joriy etilayotgan yangiliklardan maqsad yosh avlodni musiqa sanʼati hamda madaniyati vositasida munosib voyaga yetkazishdan iborat. Buning uchun musiqa taʼlimining barcha ishtirokchilari yangilikka, yangicha yondashuvlarga va yangicha oʻqitish jarayoniga tayyor turishi joiz.