«Mustaqillik – bebaho neʼmat, masʼuliyat va imkoniyat»

    Joriy yil 28-avgustda Toshkent shahrida shu mavzuda respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

    Anjuman Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

    Oflayn va onlayn tarzda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada oliy yuridik taʼlim va ilmiy tashkilotlar vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi va Jamoatchilik kengashlari aʼzolari ishtirok etdi.

    Dastavval Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidov Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanishini taʼkidladi.

    A.Saidov qayd etganidek, dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yoʻlidan borayotgan Yangi Oʻzbekiston “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qatʼiy amal qilib kelyapti va global oʻzgarishlarning ajralmas qismiga aylanib boryapti. Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini roʻyobga chiqarish, raqamli transformatsiyani rivojlantirish, davlat xizmatlarini koʻrsatishda innovatsion yechimlarni joriy etish, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajriba almashinyapti.

    Joriy yil mart oyida Bosh kotib “BMT-80” tashabbusini ishga tushirdi. Ayni tashabbus BMT faoliyatini tubdan oʻzgartirish – samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta koʻrib chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ehtimoliy tarkibiy oʻzgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilgan.

    Yangi Oʻzbekiston Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlayapti. Soʻnggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilib, 160 ta qoʻshma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Joriy yilning oʻzida Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

    Inson huquqlari – zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini koʻrsatib turuvchi mezondir. Bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida inson huquqlari sohasida 150 dan ortiq milliy reja (strategiya) qabul qilingan.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan boʻlib, bu sohadagi ilk hujjat hisoblanadi. Milliy strategiyani amalga oshirish doirasida soʻnggi toʻrt yil ichida inson huquqlarini himoya qilishga bevosita aloqador ikkita kodeks, oʻttiz uchta qonun, oʻn beshta farmon va Vazirlar Mahkamasining oʻn bitta qarori qabul qilindi.

    Oʻz navbatida, “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” Davlat dasturi doirasida 2030-yilgacha moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha yangi Milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Oltita ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan ushbu Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilgʻor xalqaro tajriba, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, oʻtgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olindi.

    Milliy maslahatlashuvlar doirasida Milliy strategiya loyihasi vazirlik va idoralar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalari vakillari ishtirokida muhokama etildi. Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi xalqaro maslahatlashuvlar jarayonida diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan birga koʻrib chiqildi hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, YEXHT va BMTning Oʻzbekistondagi mamlakat jamoasidan tavsiyalar olindi.

    Ilmiy-amaliy konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turgʻunov soʻzga chiqdi. Maʼruzachilar tomonidan asosiy eʼtibor Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan mustaqillik yuksak imkoniyat, ayni paytda masʼuliyat ekanligini va uning ahamiyatini jamoatchilikka yetkazishga qaratildi.

    Shuningdek, bir qator yetakchi huquqshunoslarning mustaqillik yillarida milliy davlatchilik va huquq tarixini oʻrganish borasidagi erishilgan yutuqlar va oʻz tadqiqotchilarini kutayotgan muammolar tahliliga bagʻishlangan dolzarb maʼruzalari tinglandi.

    Konferensiya yakunida mustaqillikni qadrlash, istiqlol sabab erishilgan va erishilajak yutuqlar hamda imkoniyatlar haqida fikr almashilib, ushbu natijalarni ilmiy negizda tadqiq va targʻib etish yuzasidan tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.