Mustaqillik bayrami munosabati bilan Niagara sharsharasida Oʻzbekiston bayrogʻi aks etadi

    Voqea-hodisalar 29 Avgust 2022 1859

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligini nishonlash kunida mashhur Niagara sharsharasi yana mamlakatimiz davlat bayrogʻi ranglarida yoritiladi.

    Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, bu tasvir sharsharada Toshkent vaqti bilan 1-sentabr soat 7:30 da aks etadi. Niagara sharsharasini Oʻzbekiston bayrogʻi ranglari bilan yoritish 15 daqiqa davom etadi.

    Qayd etilishicha, Kanada va AQSHning turli burchaklaridan oʻzbekistonliklar davlat bayrogʻi bilan yoritilgan Niagarani koʻrish uchun kelishni rejalashtirmoqda.

    Bundan tashqari, diplomatik vakolatxonamiz vatandoshlarimiz bilan birgalikda Niagarada Mustaqillik kunini keng nishonlashni rejalashtirmoqda. U yerda bayram munosabati bilan oʻzbek raqslari va qoʻshiqlari, mehmonlar tashrifi bilan tantanali qabul marosimi tashkil etiladi. Shuningdek, anʼanaviy oʻzbek palovini tatib koʻrish imkoniyati ham boʻladi.