Bugun yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan tibbiyot va oliy taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar — mustaqillik mevasining yorqin ifodasidir. Prezidentimizning tashabbuslari bilan ilmiy-tadqiqot jarayonlariga erkinlik, xalqaro hamkorlikka keng yoʻl ochilishi, akademik mustaqillik va zamonaviy infratuzilmalar yaratilishi — bugungi avlod uchun juda katta maʼnaviy va amaliy boylikdir.
Ilm uchun ochilgan keng yoʻllar
Men umrimni ortopedik stomatologiya va ortodontiya sohasiga bagʻishlab kelayotgan olim sifatida, soʻnggi yillardagi oʻzgarishlarni oʻz faoliyatimda yaqqol his qilyapman. Ilmga yoʻnaltirilgan qoʻllab-quvvatlashlar orqali institutimizda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat respublika, balki xorijiy maydonlarda ham eʼtirof etilmoqda.
Bugun talabalarimiz auditoriya bilan cheklanib qolmayapti. Ular dunyo universitetlarida oʻqish, nufuzli xalqaro anjumanlarda qatnashish imkoniyatiga ega. Shuni faxr bilan aytish mumkinki, shogirdlarim oʻz bilimi va salohiyati bilan xorijiy olimlarni hayratga solmoqda. Bu — mustaqillik bizga inʼom etgan eng katta neʼmatlardan biridir.
Shogirdlar — kelajak bunyodkorlari
Tibbiyot — faqat nazariya va amaliyot emas. U axloq, insoniylik va bagʻrikenglik uygʻunligini talab qiladi. Shu bois men har bir shogirdimni kasbini yurakdan sevuvchi, ilmga chanqoq, insonparvar tabib sifatida tarbiyalashga harakat qilaman.
Hozirga qadar mening rahbarligimda oʻnlab yoshlar magistrlik va klinik ordinatura yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Ular orasida PhD dissertatsiyalarini himoya qilganlar ham koʻp. Bugungi kunda 6 nafar shogirdim ilmiy izlanish olib boryapti. Bu yoʻlda ularga faqat ustoz sifatida emas, balki hayotiy maslahatchi sifatida ham hamrohlik qilaman.
Mustaqillikning shaxsiy tuhfasi
Shaxsiy hayotimdagi bir quvonchli voqeani ham oʻrtoqlashmoqchiman. Farzandimning davlat granti asosida talabalikka qabul qilinishi — men uchun mustaqillik bayramiga munosib tuhfadir. Bu orqali mustaqil yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hayotimda yana bir bor oʻz ifodasini topdi.
Ota sifatida farzandimga doim ibrat koʻrsatishga harakat qilaman. Uning va barcha yoshlarning bilimga chanqoqligi — yurtimiz kelajagi uchun eng katta kafolatdir.
Yangi davr yoʻlida
Bugungi tibbiyotdagi islohotlar nafaqat sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlaydi, balki xalq salomatligini taʼminlashda hal qiluvchi oʻrin tutadi. Innovatsion dasturlar, raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan klinikalar orqali shifokorning ham, bemorning ham ishonchi ortib bormoqda.
Mustaqillikning 34-yillik tantanasi arafasida barcha hamkasblarimga, ustoz va talabalarimga murojaat qilar ekanman, shuni aytmoqchiman: har bir harakatingizda yangi Oʻzbekiston ruhi, har bir izlanishingizda ilm nafasi ufurib tursin.
Tabrik va tilak
Muhtaram vatandoshlar! Aziz hamkasblar va shogirdlar!
Mustaqilligimiz bayrami barchamizga muborak boʻlsin. Yangi taraqqiyot yoʻlida barchangizga kuch-quvvat, oliy maqsadlaringizda bardavomlik tilayman.
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz yurtdoshlar!
Akbar Saidov,
Buxoro davlat tibbiyot instituti professori