Mustaqillik shodiyonasi Fargʻonada keng nishonlandi

    Mamlakatimizda 30 Avgust 2021 3258

    Fargʻona shahridagi sanʼat saroyida mamlakatimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida keng nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan viloyat bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Bayramni Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kirish soʻzi bilan ochdi. Viloyat hokimi, oʻz soʻzida “Oʻttizinchi bor qutlanayotgan ushbu bayram, Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning, erkin va farovon hayot sari intilishimizning tantanasi hamdir” deb, jamiyatda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlarning hayotimizga taʼsiriga loʻnda taʼrif berdi.

    Xayrullo Bozorov oʻz nutqida Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga qilgan tashriflari hamda tashrif yakunida “Fargʻona viloyati ahlini katta niyat yoʻlidan, katta muvaffaqiyatlar yoʻlidan qaytarib boʻlmaydi endi” deb viloyatga bergan mehr toʻla eʼtiroflari, viloyatning joriy yildagi maqsad va vazifalarini aniq belgilab beruvchi omil boʻlganini taʼkidlab oʻtdi.

    Yurtboshimizning “Aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirmasdan rivojlanishga erishib boʻlmaydi” degan tamoyillari asosida boshlangan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari, viloyatda yirik ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirilayotgani, aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish ishlari alohida iftixor bilan qayd etildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

    Bayram tantanalari viloyat va respublika sanʼat ustalarining katta gala-konserti va teatrlashtirilgan tomoshasi bilan davom etdi. Mushaklar salyuti esa Fargʻonadagi Mustaqillik bayrami osmoniga turfa ranglar qoʻshdi.