O‘zbekiston Respublikasining 35 yillik istiqlol yo‘li tarixan qisqa muddat bo‘lishiga qaramay, mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda asarlarga tatigulik murakkab va sharafli bosqichlarni bosib o‘tdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, eng avvalo, “Inson qadri uchun” va “Davlat inson uchun” degan ezgu g‘oyalarga asoslanadi. Bag‘rikenglik, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyot tamoyillari asosida “Yangi O‘zbekiston” va “O‘zbekiston-2030” strategiyalari doirasida kambag‘allikni qisqartirish, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini zamon talablariga moslashtirish hamda raqamli va yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha ko‘rinib turgan sezilarli natijalarga erishildi. Aholi farovonligini oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish davlat siyosatining markaziy vazifasiga aylandi. Islohotlarning bosh maqsadi esa har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash va jamiyatda mustahkam adolat muhitini yaratishdan iboratdir.

Mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida keng ko‘lamli islohotlar olib borildi. Ayni paytda, biz ikki muhim yo‘nalish, ya'ni davlat va jamiyat qurilishi hamda tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikyo‘nalishlarida qo‘lga kiritilgan natijalar xususida so‘z yuritishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Davlat va jamiyat qurilishi yo‘nalishida demokratik yangilanish va manfaatlar ustuvorligi ta'minlash sari ildam qadam tashlanganini alohida e'tirof etish joiz. Davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlar mamlakat siyosiy tizimini tubdan modernizasiya qilishga xizmat qilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning qabul qilinishi bu boradagi eng muhim huquqiy va siyosiy bekat bo‘ldi. Mazkur tarixiy hujjat orqali O‘zbekiston - suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani yana bir bor qat'iy mustahkamlandi.

Ushbu yo‘nalish doirasida davlat boshqaruvi modernizasiya qilinib, ijro intizomi ta'minlandi. Jumladan, ma'muriy islohotlar doirasida davlat organlari faoliyati ixchamlashtirilib, vakolatlar va mas'uliyat aniq taqsimlandi. Davlat va jamiyat boshqaruvida zamonaviy menejment usullari hamda raqamli texnologiyalar keng joriy etilib, «Ijro.gov.uz» yagona elektron tizimi orqali topshiriq va qonunchilik hujjatlari ijrosini nazorat qilishning yagona va shaffof mexanizmlari yaratildi.

Bu borada qo‘lga kiritilgan yutuqlardan yana biri fuqarolik jamiyati institutlari va ochiqlik siyosati bilan bevosita bog‘liq. Mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni tubdan kuchaytirilib, u eng quyi bo‘g‘in sifatida aholi muammolarini bevosita hal etadigan maskanga aylandi. Bugungi kunda so‘z va axborot erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xalq va millat farovonligining muhim ustuni bo‘lgan qonun ustuvorligining ta'minlanishi va sud-huquq tizimining zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilishi yuqorida so‘z borgan yo‘nalishning ustuvor jihatlaridan biri hisoblanadi. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik yo‘nalishidapragmatizm va mintaqaviy birdamlikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratildi. Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida O‘zbekiston ochiq, pragmatik va izchil tashqi siyosat yuritayotgan, jahon va mintaqaviy siyosatda faol ishtirok etayotgan ishonchli hamkorga aylandi.

Ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish ustuvor ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarida “yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch” tamoyili asosiy o‘ringa chiqdi. Bu siyosiy bayonotlarda emas, balki quyidagi “aniq amaliy misollar va tarixiy kelishuvlarda” o‘z aksini topmoqda:

Davlat chegaralarini to‘liq delimitasiya va demarkasiya qilish. O‘nlab yillar davomida mintaqada viza va chegara muammolari, bahsli hududlar sababli ixtiloflar mavjud edi. Jumladan, 2023 yilda Qirg‘iziston bilan Andijon suv ombori (Kampirobod) va chegaraning boshqa bahsli uchastkalari bo‘yicha yakuniy tarixiy kelishuv ratifikasiya qilindi va chegara to‘liq hal etildi. Shuningdek, 2025-yilning mart oyida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari tomonidan uchta davlat chegaralarining tutashuv nuqtasi to‘g‘risidagi uch tomonlama tarixiy shartnoma “Xo‘jand shartnomasi” imzolandi. Bu Farg‘ona vodiysidagi ko‘p yillik chegara noaniqliklariga chek qo‘ydi.

Suv-energetika va ekologik hamkorlik. Suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha avvalgi qarama-qarshiliklar o‘rnini qo‘shma loyihalar egalladi. Bunga Qambarota GES-1ning qurilishi misol bo‘la oladi. Ma'lumki, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Norin daryosida “Qambarota GES-1” yirik gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish va boshqarish bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzdilar. Bu borada qo‘lga kiritilgan muhim natijalardan yana biri O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Zarafshon daryosida qo‘shma GESlar qurish va suv resurslaridan yagona manfaat asosida foydalanish yuzasidan kelishib olganini keltirib o‘tish joiz.

Mintaqaviy transport va logistika loyihalari. So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan transport qamalini yorib o‘tish va mintaqaviy bog‘liqlikni oshirish bo‘yicha yirik mintaqaviy transport va logistika loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Bunga “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li”ning barpo etilishi misol bo‘la oladi. Ma'lumki, mustaqillik yillaridan beri to‘xtab qolgan ushbu strategik temir yo‘l qurilishi bo‘yicha uch tomonlama bitim kuchga kirdi va amaliy ishlar boshlandi. Bu yo‘l Markaziy Osiyoni Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yevropa bilan o‘zaro bog‘laydi. Shuningdek, chegaralarda “Do‘stlik” va “G‘ishtko‘prik” kabi “Yengillashtirilgan o‘tkazish punktlari”ning o‘rnatilishi, ba borada amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. Mazkur nazorat-o‘tkazish punktlari zamonaviylashtirilib, fuqarolarning o‘tish tartibi soddalashtirildi (masalan, Qirg‘iziston bilan ID-karta orqali harakatlanish yo‘lga qo‘yildi).

Strategik sheriklikdan ittifoqchilik munosabatlari sari muhim qadamlarning tashlanishi. Siyosiy va xavfsizlik sohasida mintaqa ichida yangi mustahkam huquqiy baza yaratildi. Bunga 2025-yilning mart oyida kuchga kirgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston bilan imzolangan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalarning imzolanishi misol bo‘la oladi. Bu davlatlararo ishonchning eng yuqori bosqichi hisoblanadi. 2018-yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari bu borada tashlangan muhim qadamlardan biri desak xato bo‘lmaydi. Zero, ushbu format orqali mintaqaviy muammolar tashqi kuchlarsiz, bevosita besh davlat rahbarlari tomonidan hal etilmoqda.

Xalqaro tashabbuslar. BMT, ShHT, TDT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar minbarlaridan ilgari surilgan mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya (Orolbo‘yi), transport yo‘laklari va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid yuzlab tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Iqtisodiy diplomatiya. Tashqi siyosatning ustuvor vazifasi sifatida xorijiy investisiyalarni jalb etish, eksport geografiyasini kengaytirish va xalqaro transport-logistika yo‘laklarini diversifikasiya qilish bo‘yicha ko‘p tomonlama shartnomalar imzolandi

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, istiqlolning 35 yilligi - shunchaki tarixiy sana emas, balki erishilgan natijalarni sarhisob qilish va kelajakdagi ulug‘vor maqsadlarni belgilab olish fursatidir. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ichki islohotlar hamda tinchliksevar, ochiq va pragmatik tashqi siyosat bir-birini to‘ldirgan holda Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada mustahkamlamoqda. Mustahkam ijtimoiy va siyosiy poydevor, xalq va davlatning hamjihatligi va porloq kelajakka bo‘lgan qat'iy ishonch mamlakatimizni barqaror taraqqiyot va yangi marralar sari olib boraveradi.


Madaminova Durdona,

Toshkent davlat yuridik universiteti 

“Davlat boshqaruvi” sho‘basi

professori v.b., DSc