Mutasaddilarga kambagʻal aholini band qilish boʻyicha topshiriqlar berildi

    Yigʻilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, tuman va shaharlar jamoatchiligi, nuroniy va faollar bilan muloqot qilindi.

    Yigʻilishda “Sayxunobod”, “Zarbdor”, “Uychi”, “Gʻijduvon” tajribalari asosida kambagʻal aholini band qilish boʻyicha mutasaddilar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

    Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalalari bilan tizimli ishlash, chet elda mavsumiy ishlarda ishlab qaytgan va yana ketish istagida boʻlganlarni hamda bu yil ish topa olmagan maktab bitiruvchilarini yuqori daromadli kasblarga, xorijiy tillarga oʻqitish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Viloyatning turizm salohiyatini toʻliq ishga solish, ayniqsa Boʻstonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari va Angren shahrida turistik maskanlarni koʻpaytirish vazifalari belgilab olindi.

    Toshkent viloyatidagi gaz va elektr energiyasining yirik isteʼmolchilari boʻlgan korxonalarda energiya sarfi yuqori uskunalarni yangilash, suv nasoslarini zamonaviylariga almashtirish muhim ekani qayd etildi.

    Umuman, viloyatning oʻsish nuqtalarini roʻyobga chiqarish uchun viloyat xokimi, uning oʻrinbosarlari, 22 ta tuman va shahar hokimi marrani 2 baravar katta olib, tinimsiz ishlashi shartligi taʼkidlandi.