Mutasaddilarga kamida 200 ming aholini band qilish topshirildi

    Bir yil davomida yana 50 ming gektar yerni 100 mingta kambagʻal oilaga boʻlib berish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

    Ushbu yerlarda “kompaniya – kooperativ – dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bogʻdorchilik tashkil etiladi. Bunda, yerdan uch xil daromad olinadigan yangi tizim yaratiladi:

    — qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambagʻal oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi;

    — yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular oʻrtasida taqsimlanadi;

    — har ikki holatda ham ushbu aholi yerda oʻzi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.

    Yaʼni, kambagʻal oila oʻziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad koʻradi.

    Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu orqali kamida 200 ming aholini band qilish topshirildi.