Mutaxassis bashorati: “Oʻzbekistonda qish quruq kelishi mumkin”

    Fan 7 Oktabr 2025 1082

    Iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov oʻzining Telegramdagi kanalida oktyabr oyi juda quruq oʻtishi haqidagi ilmiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

    Mutaxassisning taʼkidlashicha, oktyabrda yerga tabiiy ravishda namlik tushishi kerak.

    “Oʻzi shundoq ham yilimiz juda quruq keldi. Nam havo oqimlari «quvvati” bu yil juda kam. Shunaqa yildamiz...

    Oylik ob-havo prognozi uchun shu xaritani ishlab chiqdik. Vaziyat koʻrib turganingizdek yaxshi emas. Asosiy qishloq xoʻjalik ekin maydonlari, yaylovlarimizda holat yomon. Ayniqsa, lalmi yerlar namliksiz qishga kirib boradigan boʻlib turibdi.

    Kartada asosiy qishloq xoʻjalik yerlarida oy davomida oylik meʼyoriy yogʻinning 50—80 foizi yogʻishi oydinlashyapti. Bunaqa issiq va quruq oylar ketidan joriy oktyabrda meʼyor atrofida yogʻishi kerak boʻlgan yogʻin ham aslida kam.

    Uzoq muddatli prognozlarni agar Tinch okeani markazidagi suv haroratining sovishi yaʼni “La-Ninya” hodisasi belgilasa, qishimiz ham quruq, fevral va martimizda esa issiq kunlar ortidan bir sovuq kelishi barqaror vegetatsiya davriga qishloq xoʻjaligining ogʻir ahvolda kirishini taʼminlaydi.

    2026-yil qishloq xoʻjalik tarmogʻida ogʻir, sinovli davr boʻladigan koʻrinyapti«, — deydi iqlimshunos olim.