Bu haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati eslatma bilan chiqdi.
Taʼkidlanishicha, BFQlar dori vositasi hisoblanmaydi va ular kasalliklarni davolash, oldini olish yoki tashxis qo‘yish uchun mo‘ljallanmagan. Shu bois, ularni shifokor tavsiya etgan davolash usuli o‘rnida qabul qilish salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Mutaxassislar biologik faol qo‘shimchalar organizmdagi ayrim ozuqaviy moddalar yetishmovchiligini to‘ldirishga yordam berishini, biroq dori vositasining o‘rnini bosmasligini taʼkidlashmoqda.
Shuningdek, aholiga mahsulot xarid qilishda uning tarkibi, sertifikati va yaroqlilik muddatiga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etildi. Sog‘liq bilan bog‘liq muammolarda esa o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan, mutaxassisga murojaat qilish muhimligi qayd etildi.
Sog‘lom ovqatlanish, faol turmush tarzi, yetarli dam olish va muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish salomatlikni saqlashning asosiy omillari ekani taʼkidlandi.