Mutaxassislar xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi

    Ta'lim 26 May 2023 2019

    Markaziy Osiyoda yagona – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hozirda dunyoning 80 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirmoqda.

    Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan akademik almashuv dasturlari asosida Erasmus+, Twinning, Buznet, IAEA loyihalari doirasida taʼlim maskani professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlari xalqaro darajadagi seminar va treninglarda muntazam ishtirok etishadi.

    Bugun universitetda 23 ta taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 6122 nafar bakalavr, 32 ta mutaxassislik boʻyicha 246 nafar magistrlar tahsil olishmoqda.

    Veterinariya sohasida mutaxassis tayyorlash tizimi xalqaro standartlarga mosmi?

    Bu yoʻlda universitetda qanday ishlar amalga oshirilyapti?

    Mehnat bozori talablari asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishning bugungi kundagi dolzarb masalalari va ularning yechimlari nimalardan iborat?

    Respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Qishloq xoʻjalik vazirliklari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan hamkorlikda Veterinariya va chorvachilik sohalarida kadrlar tayyorlashda oliy taʼlim va texnikumlar uchun oʻquv dasturlarini takomillashtirish hamda taʼlim sifatini oshirishning asosiy tamoyillariga bagʻishlangan Respublika oʻquv-uslubiy  seminarida yuqorida qayd etilgan masalalar muhokama etildi.

    — Taʼlim maskani maqomi oshirilgach, Prezident qaroriga asosan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik mutaxassislari tayyorlaydigan tayanch oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Xalqaro standartlar boʻyicha, bu mutaxassislar minimum 5 yildan 7 yilgacha muddatda tayyorlanadi. Biz oʻquv-uslubiy dastur va rejalarimizni shu talablar asosida amalga oshirishimiz lozim, — deydi seminar ishini ochib bergan rektor, professor Xudoynazar Yunusov.

    Oʻquv-uslubiy seminarda mamlakatimiz va xorijdan 15 ta OTMlari va 20 ga yaqin professional taʼlim maskanlarining vakillari ishtirok etishdi.

    Oliy va professional taʼlimda kredit tizimi asosida oʻquv reja va fan dasturlarini takomillashtirish hamda ularni uzviyligini taʼminlash mavzusida universitet oʻquv-uslubiy boshqarma boshligʻi, professor v.b. Raxmatulla Roʻziqulov,

    Veterinariya meditsinasi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlashga qoʻyiladigan talablar boʻyicha Veterinariya profilaktikasi va davolash fakulteti dekani Shukurulla Qurbonov,

    Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda veterinariya xizmati, fan-taʼlim -ishlab chiqarish integratsiyasi xususida   Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani, professor Ravshan Davlatovning maʼruzalari tinglandi.

    Shuningdek, Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Bozorboy Elmurodov hamda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti direktori. q.x.f.d. dotsent Erkin Shaptakovning maʼruzalari ham muhokamalarga sabab boʻldi.

    — Bugun mahalliy bozorda ham, xalqaro mehnat bozorida ham bu mutaxassislarga talab oʻta yuqori. Kadrlar salohiyati bir nechta muhim omillarga bogʻliq. Taʼlim sifatining oshishi uchun avvalo moddiy-texnik baza, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar boʻlishi, har bir mutaxassislik va yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy va yuqori pedagogik mahoratga ega jamoaning shakllanishi, qolaversa, xorijiy tajriba, ilgʻor OTMlar bilan mobillik muhim rol oʻynaydi. Bugun biz shu masalalarni muhokama qildik, — deydi universitet oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, professor Abdugʻani Elmurodov.

    Seminar ishida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim tadqiqotlari, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish markazi direktorining birinchi oʻrinbosari M.Esanov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi  S.Mavlonovlar ishtirok etishdi.

    Axborot xizmati