Shu yilning 11 dekabr kuni bo'lib o'tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig'ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga a'zo mamlakatlar etakchilari O'zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to'g'risida bir ovozdan qaror qabul qildilar. Qayd etish joiz, ushbu masala mamlakatimiz parlamentida chuqur o'rganilib, muhokama qilingan, bir qator muhim omillar mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi to'g'risidagi taklif ma'qullanish uchun asos bo'lgan edi.

Darhaqiqat, YOII mamlakatlari, eng avvalo, O'zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. Keyingi yillarda yurtimizning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortgani buning amaliy ifodasi. Qolaversa, mamlakatimizning YOIIga a'zo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorligi ayni muddao bo'lib, bu kelgusida yaxshi natijalar beradi. Chunki bu davlatlar neft, gaz qazib olish va ularni qayta ishlash bo'yicha dunyoda etakchi hisoblanadi.

Bu haqda batafsil to'xtaladigan bo'lsak, bugungi kunda YOIIga a'zo mamlakatlar yoqilg'i-energetika komplekslari salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shuningdek, milliy iqtisodiyotni energetika manbalarining asosiy turlari bilan ta'minlash maqsadida a'zo davlatlar energetika sohasidagi uzoq muddatli o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiryapti. Muvofiqlashgan energetika siyosati amalga oshirilib, energetika manbalari umumiy bozori bosqichma-bosqich shakllantirilyapti.

Energetika manbalari umumiy bozori bir qator muhim jihatlarni qamrab oladi. Chunonchi, uni tashkil etish tashabbusi, eng avvalo, YOII yoqilg'i-energetika kompleksi energetik xavfsizligi va ishonchliligi darajasini oshirishni, dunyo energetika bozorida uning raqobatbardoshligini oshirishni kafolatlaydi. Shuningdek, a'zo davlatlar energetika salohiyatidan samarali foydalanish, energetika sohasida tovarlar va xizmatlar harakatlanishining erkinligini ta'minlash, energetika ob'ektlariga investitsiya kiritish uchun qulay muhit yaratish, elektr energiyasi, gaz, neft` va neft mahsulotlariga bo'lgan ichki talabni maksimal darajada qondirishni ko'zda tutadi.

O'z navbatida, energetika manbalari umumiy bozorlarining shakllanishi a'zo davlatlarning energetika manbalariga bo'lgan ehtiyojini to'liq qondirish, halol raqobat rivojlanishini ta'minlash, energetika xavfsizligini mustahkamlash, a'zo davlatlar energetika kompleksiga sarmoyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, energetika manbalari umumiy bozorlarining texnologik va tijorat infratuzilmasi amal qilishining milliy me'yor va qoidalarini uyg'unlashtirishga xizmat qiladi. Ayni chog'da o'zaro savdoda miqdor cheklovlari va chetga olib chiqishga doir bojxona to'lovlari (ekvivalent qiymatga ega boshqa bojlar, soliq va yig'imlar)dan foydalanmaslik, a'zo davlatlar neft va neft mahsulotlariga oid me'yor va standartlarni bir xillashtirish, energetika manbalari umumiy bozorlari ekologik xavfsizligi va axborot ta'minotini ta'minlashda muhim o'rin tutadi.

Shu o'rinda, energetika manbalari umumiy bozorlarini shakllantirish dasturlari amalga oshirilgach, qanday natijalar beradi, degan tabiiy savol tug'ilishi mumkin. Qayd etish kerak, bunda, eng avvalo, a'zo davlatlar Ittifoq doirasida tegishli xalqaro bitimlarni imzolaydi. Jumladan, ular o'z ichiga o'zaro savdo, birja savdolarini o'tkazishga oid yagona qoidalar, a'zo davlatlar hududida joylashgan elektr energiyasi, gaz transport tizimlari hamda neft va neft mahsulotlarini tashish tizimlaridan foydalanishga oid yagona qoidalarni oladi. Bu 2025 yil 1 yanvargacha kuchga kirishi lozimligini ko'rsatadi.

Binobarin, Ittifoq gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlari to'g'risidagi xalqaro bitimlar kuchga kirgunga qadar agar a'zo davlatlar bu borada boshqa to'xtamga kelmasa, a'zo davlatlar o'rtasida gaz, neft va neft`mahsulotlari yetkazib berish borasida tuzilgan ikki tomonlama bitimlar amal qiladi.

Hozirgi vaqtda umumiy energetika salohiyatidan samarali foydalanish va energetika manbalarini davlatlararo etkazib berilishini maqbullashtirish maqsadida a'zo davlatlar mutasaddi organlari gaz, neft va neft mahsulotlarining indikativ balansini ishlab chiqmoqda va kelishmoqda.

Umuman aytganda, YOIIga a'zo mamlakatlar iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan to'liq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi to'siq va g'ovlarni birgalikda bartaraf etish, o'zaro sa'y-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishda O'zbekistonning YOII tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olishi muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz sammitdagi nutqida ta'kidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida O'zbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdoridir.

 Qahramon ERGASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati