Jami bo'lib, Ishchi guruh tomonidan 1 450 dona eksponat ko'rib chiqildi.

Termiz davlat muzey qo'riqxonasi va uning tarkibidagi filial va bo'limlarida 2021- yil uchun topshirilgan statistik ma'lumotlarga ko'ra jami 71 801 ta muzey ashyolar mavjud bo'lib, ularning 62 117 tasi asosiy fond, 9684 tasi ilmiy yordamchi fondidagi ashyolar hisoblanadi. Ushbu ashyolarning jami 26 753 donasi, shundan hisobot yilida 7 389 ta ashyolar ilmiy inventarizasiyadan o'tgan deb aks etilgan bo'lsa-da, muzey xodimlari tomonidan dalolatnomalar rasmiylashtirilmagan. Shu bilan birga, umumiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari va muzeyning bosh saqlovchisi ma'lumotiga ko'ra statistik ma'lumotlar noto'g'ri qilib hisobot topshirilgan, aslida muzeyda jami 62 117 ta eksponatlar mavjud.

O'rganishlar davomida muzeyda saqlanayotgan va kirim daftarida qayd etilgan eksponatlarda kamomadlar aniqlandi va hujjat yuritishda kamchiliklar topildi.

Ishchi guruh tomonidan Termiz davlat muzey-qo'riqxonasida olib borilgan o'rganish davomida aniqlangan bir qator kamchilik va muammolar bo'yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma tegishli hujjatlar bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda ko'rib chiqish va huquqiy baho berish uchun yuborildi.

Shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi va Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan noyob ashyolar xatlovdan o'tkazildi hamda ularning saqlanishi va xavfsizlik holati o'rganildi. O'rganish ishlari davomida aniqlangan bir qator kamchilik va muammolar bo'yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma tegishli hujjatlar bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda ko'rib chiqish va huquqiy baho berish uchun yuborildi.

Ayni vaqtda Madaniy meros agentligi mutaxassislari tomonidan etkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo'yicha ish olib borilmoqda. Bu bo'yicha qo'shimcha ma'lumot taqdim etiladi.