Muzqaymoq qachon paydo boʻlgan?

    Muzqaymoqni hamma sevib isteʼmol qiladi, u ayniqsa, bolajonlarning jon-u dili. Ammo uning qachon paydo boʻlganini koʻpchilik bilmaydi.

    * Muzqaymoq tarixi 5 ming yildan koʻproq qadimgi davrga borib taqaladi. Hali eramizgacha 3 ming yilda Xitoyda badavlat xonadonlarda dasturxonga qor yoki muz aralashtirilgan meva sharbati tortilgan. Uni tayyorlash va saqlash retsepti qatʼiy sir tutilgan.

    * Aleksandr Makedonskiy davrida ham “Qorga qorilgan meva” isteʼmol qilishgan. Togʻlarga qor uchun uni eritmay yetkazib keladigan maxsus shugʻullangan chopqir qullar yuborilgan.

    * Rivoyatlarga koʻra, 1295-yilda Marko Polo sharqqa qilgan sayohatidan muzqaymoq tayyorlash retseptini olib kelgan. Oʻshandan boshlab bu salqin shirinlik aslzodalar dasturxoni domiy koʻrkiga aylangan. Vaqt oʻtishi bilan avval italyan va fransuz qirollari saroyida, keyinchalik butun dunyoga tarqalgan.

    * 1843-yilda ingliz xonimi Nensi Jonson muzqaymoq tayyorlaydigan qurilma ixtiro qilib patent olgan. Ammo yangi uskunani ishlab chiqarish uchun puli yetmagan. Patentni amerikalik Jeskob Fasselga sotishga majbur boʻlgan. Fassel 1851-yilda Baltimorda birinchi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi zavod qurgan. Oʻshandan buyon oʻtgan 170-yildan koʻproq vaqt davomida muzqaymoq tayyorlash usulini takomillashtirish bir daqiqa ham toʻxtagani yoʻq.

    * Tabobat otasi Gippokrat muzlatilgan meva sharbati va qiyomini kayfiyatni koʻtaruvchi va organizmni tetiklashtiruvchi mahsulot sifatida oʻz mijozlariga tavsiya qilgan.

    * Gyote bolaligidan muzqaymoqni yaxshi koʻrishini aytgan va onasi bir kuni uning oshqozoni muz va shakar qoʻshilgan shirinlikni hazm qilolmaydi, deb muzqaymoq toʻla likopni tashqariga uloqtirganini alam bilan eslaydi. Muzqaymoq oʻsha paytda qimmat va tansiq boʻlgan.

    Togʻaymurod Shomurodov tayyorladi