Bosh konsulxona maʼlumotiga koʻra, vatandoshlarimiz M.S. va B.V. Myanmada odam savdosi qurboni boʻlganliklari bildirib, vatanga qaytishda yordam soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlum boʻlishicha yurtdoshlarimiz Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan soʻng yetib kelgan. Biroq Tailandga yetib kelganidan soʻng ular aldanib, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh qoʻliga topshirilgan. Vatandoshlarimiz Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zoʻravonlik va tahdidlar qoʻllanilgan. Jinoiy toʻda ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilingan.
Shuningdek, 8 nafar Qirgʻiziston va 4 nafar Qozogʻiston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirgʻizistonning diplomatik vakolatxonasi yoʻqligi inobatga olinib, Qirgʻiziston tomonining iltimosiga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlari ushbu fuqarolarni oʻz vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam koʻrsatdi.
Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari Mayesot (Tailand) chegara oʻtish punktida ozod qilinib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlariga topshirildi. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.
11-aprel kuni Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida 2 nafar Oʻzbekiston, 4 nafar Qozogʻiston va 7 nafar Qirgʻiziston fuqarosi oʻz oilasi bagʻriga muvaffaqiyatli qaytarildi. Qirgʻizistonning bir fuqarosi sogʻligʻi bilan bogʻliq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Bu holat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari xorijda ham samarali hayotga tatbiq etilayotgani, odamlarga real yordam koʻrsatishda amaliy ifodasini topayotganining yorqin misolidir.
Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni xorijda ishga joylashish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqishda hushyor boʻlishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi. Bosh konsulxona, shuningdek, vatandoshlarga Tailand, Kambodja, Myanma va Laosda ishga joylashish boʻyicha konsullik yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildiradi.