Myanmaga sotib yuborilgan oʻzbekistonliklar vatanga qaytarildi

    Myanmada ogʻir vaziyatga tushib qolgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari vatanga muvaffaqiyatli qaytarildi.

    Bu haqda “Dunyo” AA deb xabar qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga bir guruh yurtdoshlarimiz Myanmada odam savdosi qurboniga aylangani va vatanga qaytishda yordam soʻrab murojaat qilgan.

    Murojaatchilarning soʻzlariga koʻra, ular Tailandga internetda yuqori maoshli ish taklifi bilan kelishgan. Ularga Oʻzbekistondan bepul aviachipta taqdim etilgan. Biroq, ular Tailandga yetib kelganidan soʻng, aldov yoʻli bilan Myanma hududiga noqonuniy ravishda olib oʻtilgan va u yerda odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar qoʻliga tushib qolgan. U yerda ularni firibgarlik koll-markazlarida ishlashga majburlashgan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolar jismoniy zoʻravonlik va tahdidlarga duchor boʻlgan.

    Shuningdek, Myanmada huddi shunday vaziyatda Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari ham odam savdosi qurboniga aylangani aniqlandi. Qirgʻizistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi yoʻqligini inobatga olib, qoʻshni davlatning iltimosiga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlari ushbu fuqarolarni ham vatanga qaytarishni tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatdi.

    Myanma va Tailandning vakolatli organlari bilan olib borilgan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari ozod qilinib, Maesot (Tailand) chegara punktida Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlariga topshirildi. Ozodlikka chiqarilgan shaxslarga vaqtinchalik turar joy va oziq-ovqat berildi.

    2025-yil 9-dekabr kuni Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari vatanga muvaffaqiyatli qaytarildi.