Nafaqa olish uchun onlayn ariza beriladi

    Ijtimoiy hayot 22 Noyabr 2023 3582

    2023-yil 10-noyabrda Vazirlar Mahkamasining 596-sonli “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash boʻyicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi.

    2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq 2024-yil 1-apreldan boshlab kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

    Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi (21.10.2021-y. 654-son VMQ bilan tasdiqlangan).

    Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash hamda maʼlumotnoma taqdim etish boʻyicha elektron shaklda davlat xizmatini koʻrsatishni YAIDXI orqali joriy etish topshirildi.

    1-apreldan boshlab oilaning daromadlari kam taʼminlanganlik mezoniga muvofiqligini aniqlashda minimal isteʼmol xarajatlarining yangi miqdori Statistika agentligi maʼlumotlariga asosan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun taqdim etilgan arizalarga qoʻllaniladi.

    Kam taʼminlangan oilalarni aniqlash mezonlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar 2023-yil 15-noyabrdan soʻng taqdim etilgan arizalarga nisbatan joriy etiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 16-noyabrdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.