Tanlovning maqsadi xotin-qizlarning kiyinish uslubini yanada takomillashtirish, ular oʻrtasida milliy va zamonaviylik uygʻunligidagi, madaniyatimiz hamda mentalitetimizga mos liboslarni keng targʻib qilishdir. Shuningdek, ushbu tadbir orqali xotin-qizlarning kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni joriy qilish ham koʻzda tutilgan.
Tanlovda milliy va zamonaviy qadriyatlar uygʻunligida liboslar loyihalari va toʻplamlarini yaratayotgan 8 nafar dizayner ishtirok etdi. Tadbir doirasidagi davra suhbati hamda koʻrgazmada esa hakamlar hayʼati qatori poytaxtimiz mahallalaridagi xotin-qizlar qatnashdilar.
Tanlovga taqdim etilgan ishlar “Ishbilarmon va yetakchi ayol timsoli”, “Talaba qiz timsoli”, “Ijodkor ayol timsoli” hamda “Oʻzbek ayolining roʻmol oʻrash sanʼati” nominatsiyalarining shartlariga muvofiq koʻrib chiqildi.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, parlament yuqori palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislaridan iborat komissiya xulosasiga koʻra, gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari va faxriy yorliqlar bilan mukofotlanishdi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati.