Inson qadri ulug'langan yurt esa taraqqiyot va rivojlanish yo'lidan ildam qadam tashlab boraveradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan 2024 yil 1 fevral kuni 21 moddadan iborat «Pedagogning maqomi to'g'risida»gi Qonun imzolandi.  Mazkur hujjatni  ustozga bo'lgan yuksak ehtiromning ifodasi deyishimiz mumkin. Mazkur qonun mamlakatimizda ilm-fan, ma'naviyat-ma'rifat rivoji, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun huquqiy asos bo'lib xizmat qilishiga ishonamiz.

Ta'kidlash joizki, tarbiya va ta'lim tushunchalari  hamisha yonma-yon tilga olinadi. Boisi, tarbiyali insonning har bir ijobiy sifati uning bilimli ekanligidan dalolat beradi. O'zbek millati azaldan bashariyat tafakkuri xazinasiga ulkan hissa qo'shib kelgan. Asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma'naviyati, adolatparvarlik va  ma'rifatparvarlik,  ta'lim va tarbiyaga oid g'oyalari Sharq falsafasining  o'zagini tashkil etadi. Bularni esa buyuk mutafakkir allomalarimiz qoldirgan boy ma'naviy meroslaridan ham bilsak bo'ladi. Inson ma'naviyatining asosi bo'lgan tarbiya  va ta'lim borasida ulug'larimiz o'zlarining qimmatli fikrlarini bayon qilganlar. Ana shunday buyuk allomalardan biri Abu Nasr Forobiy fikrlariga  e'tibor beraylik. Uningcha, har bir inson barcha bilimlarni puxta egallamog'i, yaxshi va barkamol tarbiya olmog'i va eng yaxshi fazilatlarga ega bo'lmog'i kerak. Forobiyning fikricha, “kishi uchun tub g'oya – saodatdir”. Bu saodatning kaliti - ilm. Ilm, ta'lim-tarbiya insonni o'zgartirsa, ma'naviy boy, tafakkuri yuksak shaxs jamiyatni o'zgartiradi. Demak, o'qituvchi inson va jamiyatni o'zgartirish kuchiga qodir bo'lgan shaxs hisoblanadi.

Demak, bugun ta'lim va tarbiyaning butun zahmatini elkasiga olgan pedagog - o'qituvchilarning huquqlari, sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro'si davlat himoyasida ekanligini qonun bilan belgilab qo'yilishi    xalqimiz uchun buyuk kelajakni barpo etish yo'lidagi boy imkoniyat sifatida baholash mumkin. Qonun loyihasida ta'lim muassasalarida o'qituvchilarining huquqiy maqomini takomillashtirish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ham jiddiy e'tibor qaratilgan. Mazkur hujjatda o'qituvchi-pedagoglarning huquq va majburiyatlari aniq hamda lo'nda bayon qilingan. Shuningdek, o'qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari, ularni  majburiy mehnatga, shuningdek, qishloq xo'jaligining mavsumiy ishlarini va shu kabi boshqa ishlarga jalb etishga yo'l qo'yilmasligi belgilab berilgan. Bundan tashqari, mazkur Qonunda  o'qituvchilarning oylik maoshi va ularni rag'batlantirish masalalariga ham e'tibor qaratilishi o'qituvchining jamiyatda yuksak o'rnini belgilashda muhim omil sanaladi.

Xo'sh, bugun yangi O'zbekistonda  ta'lim sohasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlarning natijalari nimalarda aks etyapti? Bu tahlilni birgina Buxoro davlat pedagogika instituti misolida kuzatadigan bo'lsak, ta'lim tizimini tubdan o'zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash bo'yicha sa'y-harakatlar tufayli pedagog – xodimlarning o'z kasbiga  bo'lgan munosabati tubdan o'zgarib, doimiy izlanish va yangilikka intish ularning hayot tarziga aylanganligida ko'rishimiz mumkin.

Hozirgi kunda xalqaro hamkorlik ta'lim jarayonini rivojlanishiga ta'sir ko'rsatuvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Institutimizda ham bu borada talaygina yutuqlar ko'lga kiritildi. Jumladan, xalqaro hamkorlik doirasida 20 dan ortiq professor-o'qituvchilarimiz Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Finlandiya, Rossiya Federatsiyasining xalqaro reytingda top 1000 talik OTMlar qatorida turuvchi Hajetteppe universiteti, Sasseks universiteti, Laybnit instituti, Nordik universiteti, Keralia amaliy fanlar universiteti, Qozon Federal universitetlarida stajirovka o'tab va malaka oshirib keldilar. SHuning bilan bir qatorda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Moskva davlat pedagogika instituti, Istanbul universitetidan ma'ruzalar o'qish uchun xorijiy professor-o'qituvchilar taklif etildi.

Albatta, bunday sa'y-harakatlarning asosini mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tashkil etadi. Islohotlarning  tub mohiyati esa inson va uning manfaatiga qaratilgan. Sifatli ta'limni tashkil qilish esa ulkan islohotlarning poydevoridir. Bu islohotlarning yalovbardori pedagog-o'qituvchilardir. Mamlakatimiz Prezidenti ta'kidlaganidek, najotimiz maktabda, najotimiz ta'limda, najotimiz bilimda. O'zbekistonda eng hurmatli inson o'qituvchi bo'lmog'i zarur.

 

 Ma'murov Bahodir Baxshulloevich,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori

pedagogika fanlari doktori, professor