Namangan viloyati hokimiga yangi oʻrinbosar tayinlandi

    Baxriddinov Zuxriddin Baxriddin oʻgʻli Namangan viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Z.Baxriddinov 1985-yilda Toʻraqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. Mutaxassisligi — moliya, davlat moliyasini boshqarish. 2006-yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot instituti, 2008-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

    Mehnat faoliyatini 2007-yili Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi moliyalashtirish,buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan. 2008-2020-yillarda Namangan viloyati moliya boshqarmasida turli vazifalarda faoliyat koʻrsatgan. 2020-2024-yillarda Namangan viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.

    Tayinlovga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirish departamenti direktori boʻlib ishlab kelayotgan edi.

    Mazkur tayinlov Namangan viloyati hokimining tegishli qarori bilan amalga oshirildi.