Uchrashuvda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali Namangan xalqaro aeroportini rivojlantirish istiqbollari hamda “Aeroportы Regionov” holdingining bu jarayonda ishtiroki imkoniyatlari muhokama qilindi.
Vodiy viloyatlari hamda qoʻshni mamlakatlar chegaradosh viloyatlari aholisi sonini hisobga olganda, Namangan xalqaro aeroportini yanada kengaytirish hamda modernizatsiya qilish istiqbolli loyiha ekani qayd etildi.
Kelgusida Namangan aeroportini Yevropa va Osiyo oʻrtasida xalqaro tranzit “xab”iga aylantirish, qoʻshimcha kargo terminali barpo etish orqali yuk tashish hajmini oshirish imkoniyatlari yuqori baholandi. Vodiy viloyatlari uchun yagona yirik xalqaro aeroport qurish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.
“Aeroportы Regionov” holdingi tomonidan Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan, oʻrta masofaga moʻljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan mahalliy reyslarda xizmat koʻrsatuvchi aviakompaniyani Namangan aeroportida joylashtirish boʻyicha oʻzaro pozitsiya ishlab chiqiladi.
Rossiyaning Rostov, Yekaterinburg, Nijniy Novgorod, Samara, Saratov, Tobolsk, Noviy Urengoy va Petropavlovsk-Kamchatsk shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni kompleks rivojlantirish dasturi orqali oʻz investitsiyalari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiyasini amalga oshirib, boshqarib kelayotgan “Aeroportы Regionov” holdingi bugungi kunda ushbu aeroportlarda yillik 16 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi.
“Aeroportы Regionov” holdingi shuningdek “Novaport Holding” bilan hamkorlikda Rossiyadagi kichik hududiy aeroportlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan “Aeroportы Bolshoy Stranы” loyihasini ham amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha hozirda 6 ta aeroportni oʻzida jamlab, yillik 2,6 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish darajasiga yetgan.