Gullar festivalini yangi bosqichga chiqib, xalqaro maqom olgani mahalliy gulchilarga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Namangan viloyati Gulchilikni rivojlantirish markazi mutaxassislari Turkiyaning qator shaharlarida boʻlib, turk gulchilari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolashdi.

- Maqsad yangi gul va buta koʻchatlarini olib kelib, mahalliylashtirish, sohada oʻzaro tajriba almashishdan iborat. Oʻtgan yili Oʻzbekiston gulchilar assotsiatsiyasi tomonidan Namanganda kurslar tashkil etilgandi. Unda mahalliy gulchilarga dars bergan turkiyalik mutaxassis Erdal Ayyildiz ham safar davomida bizga yaqindan yordam berdi, - deydi Gulchilikni rivojlantirish markazi rahbari Obidxon Qodirov.

Ayni paytda Namangan gulchilikni rivojlantirish markaziga qarashli plantatsiyalarda oʻn million dona turli gul parvarishlanmoqda.

2023-yilgi Gullar festivaliga 30 million dona gul yetishtirib, bayramning asosiy tadbirlari oʻtadigan parkka ekish rejalashtirilgan.