Namangan: hokimliklarning hujjatlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi

    Namangan viloyatidagi 10 ta tuman hokimliklari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarida "raqobat toʻgʻrisida"gi qonun talablariga zid holatlar aniqlandi.

    Bu boʻyicha Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, raqobat qoʻmitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan shu yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimliklarida "Raqobat toʻgʻrisida"gi qonun talablari ijrosi yuzasidan jami 4214 ta normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.

    Mazkur oʻrganishlar jarayonida, Mingbuloq, Kosonsoy, Pop, Norin, Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Chust, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tuman hokimliklarida tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keluvchi jami 12 ta qarorlarni qabul qilinishi natijasida "Raqobat toʻgʻrisida"gi Qonunning 22-moddasi talablari buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, olib borilgan oʻrganish natijalariga koʻra, 10 ta tuman hokimlarining tegishli qarorlari "Raqobat toʻgʻrisida"gi Qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda tuman hokimliklariga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.